O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi
2015-02-14 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro'yxatga olish to'g'risidagi masala ko'rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqib, O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro'yxatga olish to'g'risida qarorlar qabul qildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Islom Abdug'aniyevich Karimov, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov, O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan Akmal Xolmatovich Saidov, O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Majitovich Umarov O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro'yxatga olindi.
"O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunning 28-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro'yxatga olingan kundan e'tiboran ularning saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Shu munosabat bilan majlisda saylovoldi tashviqoti to'g'risidagi masala ko'rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
* * *
Shu kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha Respublika matbuot markazida mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o'tkazildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov tadbir ishtirokchilariga Markaziy saylov komissiyasining majlisi yakunlari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Saylov kampaniyasi mamlakatimiz qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha Asosiy tadbirlar dasturiga to'la muvofiq holda o'tkazilayotgani ta'kidlandi.
Markaziy saylov komissiyasi "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunning 28-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to'g'risida qaror qabul qildi.
Saylovoldi tashviqoti davrida O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga o'z saylovoldi dasturlarining asosiy qoidalarini saylovchilarga yetkazish uchun O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "O'zbekiston" va "Yoshlar" teleradiokanallarida 900 daqiqadan efir vaqti beriladi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, ularning saylovoldi dasturlari haqida video va radioroliklarni efirga uzatish rejalashtirilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ommaviy axborot vositalarida saylovoldi tashviqoti materiallarining turi, shakl va uslublari hamda mazmunini mustaqil belgilaydi.
Saylovoldi tashviqoti davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning har biriga "Xalq so'zi", "Narodnoye slovo" va "Pravda Vostoka" respublika davriy nashrlarida 10 sahifagacha nashr maydoni bepul ajratiladi. Ushbu materiallar hududiy nashrlarda ham e'lon qilinadi. Saylovoldi tashviqotini amalga oshirish uchun teng sharoitlar yaratish prinsipi partiya nashrlariga joriy etilmaydi. Ular har qanday hajmdagi tegishli materiallarni chop etish huquqiga egadir.
M.Abdusalomov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovoldi tashviqotini mamlakatimiz qonunchiligiga to'la muvofiq ravishda o'tkazish bo'yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olinganini ta'kidladi.
Brifingda saylovga tayyorgarlik ishlari haqida ham so'z yuritildi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish uchun 9058, jumladan, O'zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Saylov uchastkalari zarur aloqa vositalari, komputer va tashkiliy texnika, huquqiy adabiyotlar bilan ta'minlangan. Maxsus belgilangan joylarda yashirin ovoz berish uchun saylov kabinalari, saylov qutilari o'rnatilgan.
Okrug saylov komissiyalari tomonidan uchastka saylov komissiyalari tashkil etilib, ularning tarkibiga jami 90 mingga yaqin kishi kiritilgan. Ularning 67 foizi sog'liqni saqlash, fan, ta'lim, madaniyat va sport sohasi vakillari, 22,3 foizi jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, 5,3 foizi fermerlar, 5,4 foizi ishlab chiqarish sohasi vakillari, 6,2 foizi iqtisodchilardir. Komissiya a'zolarining 84 foizi saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazishda avval ham ishtirok etgan. Uchastka saylov komissiyalari orasida xotin-qizlar 42,8 foizni tashkil qiladi.
Brifingda saylov kampaniyasining ochiq va oshkoraligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarining O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishga taalluqli axborotlardan foydalanishi uchun barcha sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi belgilangan tartibda hujjatlar taqdim etgan mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 340 dan ziyod vakilini akkreditatsiyadan o'tkazdi.