O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida
2015-02-07 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudida umumiy yurisdiksiya sudlarining 2014-yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati natijalari hamda istiqboldagi vazifalarga bag'ishlangan kengaytirilgan rayosat yig'ilishi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh.G'oziyev boshqargan yig'ilishda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sud-huquq sohasini demokratik asosda yanada isloh etish va erkinlashtirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilgani ta'kidlandi. Keyingi yillarda sohaga oid qabul qilingan qonunchilik hujjatlari qonun ustuvorligi, sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, inson huquq va erkinliklari himoyasi borasida huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyati samaradorligini oshirishda muhim omil bo'ldi.
Davlatimiz rahbarining sud tizimi xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni tubdan yaxshilash hamda sudlar faoliyatini yanada takomillashtirishga oid farmonlari sudyalarning bilim va malakasini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishda alohida ahamiyat kasb etdi. Bu sud hokimiyatining faoliyati samaradorligini yanada oshirish, mustaqilligini mustahkamlashga zamin yaratdi.
Tuman va shahar umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyati yanada takomillashtirilgani aholiga qulayliklar yaratmoqda. Jumladan, keyingi paytda qo'shimcha ravishda fuqarolik ishlari bo'yicha 12 tumanlararo (tuman) sudi ish boshladi. Mazkur tizimda sudyalar soni birmuncha ko'paytirildi. Bunday chora-tadbirlar sud ishlarini o'z vaqtida, samarali ko'rib chiqishga xizmat qilmoqda.
Sud tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb etish bo'yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-dekabrdagi "Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bilan sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi qabul qilindi. Dasturga asosan sudlar faoliyatida komputerlashtirish darajasi va komputer texnikasidan foydalanish samaradorligini oshirish, sudlarda axborot tizimlari va resurslarini yaratish, tadbirkorlik subyektlari va aholiga ko'rsatiladigan interfaol xizmatlar ko'lamini kengaytirish va sifatini yaxshilash, eng muhimi, rivojlangan davlatlarda keng qo'llanilayotgan elektron sud ish yurituvi tizimini joriy etish ishlari olib borilmoqda.
Umumyurisdiksiya sudlari odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida samarali faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, 2014-yilda fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar tomonidan 217 mingdan ortiq ish ko'rib chiqilgan. 950 mingdan ortiq sud buyrug'i chiqarilgan. Sud buyrug'i chiqarilgan arizalar bo'yicha 779 milliard so'mdan ziyod mablag' undirish belgilangan. Fuqarolik ishlarining 85,6 foizi bo'yicha hal qiluv qarori chiqarilgan, shundan 89,2 foiz ish bo'yicha da'vo qanoatlantirilgan.
Ayrim jinoyat turlari, xususan, o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-taroj qilish, qasddan badanga og'ir shikast yetkazish, bezorilik va transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko'rsatkichlari kamaydi.
2014-yilda yarashuv institutining samarali qo'llanilishi natijasida 12 ming nafardan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan hisobot davrida 211 milliard so'mdan ortiq moddiy zararning o'rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan 3,5 ming nafarga yaqin, ushbu qonun hayotga tatbiq qilinganidan buyon 624 milliard so'mdan ziyod moddiy zararning o'rnini qoplagan 29 ming nafardan ortiq shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazolar tayinlangan.
Yig'ilishda sudlar tomonidan yo'l qo'yilgan kamchiliklar va sudning obro'siga putur yetkazadigan qonunbuzilishi holatlari ham atroflicha muhokama etildi. Sudya va sud xodimlarining mas'uliyatini, kasb mahorati va malakasini yanada oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar tomonidan qonuniy va adolatli sud qarorlari qabul qilinishi sud hokimiyatining obro'-e'tiborini yuksaltiradigan, aholining unga bo'lgan ishonchini mustahkamlaydigan muhim omil ekanligi ta'kidlandi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.