O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida shoir tavalludining 574-yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
2015-02-10 | Jamiyat
Xalqimiz, ayniqsa, navqiron avlod ma'naviyatini yuksaltirish, ona tilimizni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash, unga hurmat bilan munosabatda bo'lishda Alisher Navoiy ma'naviy merosining o'rni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda ulug' bobokalonimizga ehtirom ko'rsatish, yoshlarimizni barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda asarlaridan keng foydalanish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
An'anaga ko'ra, 9-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy bog'ida shoir tavalludining 574-yilligiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, navoiyshunos olimlar, adib va shoirlar, ma'naviyat targ'ibotchilari, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etdi.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, navoiyshunos olim O.Davlatov, yosh shoir Sh.Salom va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning boy ma'naviy merosini o'rganish, uni dunyoda keng targ'ib etish borasida olib borilayotgan ulkan ishlar haqida so'zladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1991-yil Alisher Navoiy yili, deb e'lon qilingan edi. O'tgan yillar mobaynida mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ulug' bobokalonimiz haykallari qad rostladi. Shoir ijodi to'la qamrab olingan yigirma jildli to'plam nashr etildi. Navoiyning ijodiy xazinasi bitmas-tuganmas ummon yanglig' bugungi kunda ham yurtimiz va jahon olimlari, tadqiqotchilar tomonidan o'rganilib, turkum ilmiy asarlar, monografiyalar, risolalar nashr etilmoqda.
Shoir o'z asarlarida tarannum etgan insonparvarlik, adolat, yurt ravnaqi, xalqlar o'rtasidagi do'stlik, o'zaro hamjihatlik, bag'rikenglik, saxovat, mehr-muruvvat, ota-onaga hurmat-ehtirom ko'rsatish, muhtojlarga muruvvatli bo'lish, yoshlarni har jihatdan komil inson etib voyaga yetkazish kabi hayotbaxsh g'oyalar Vatanimizning bugungi taraqqiyot odimlarida, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy islohotlarda o'zining yorqin ifodasini topmoqda.
Tadbirda Alisher Navoiy asarlaridan namunalar o'qildi. Ulug' mutafakkir ma'naviy merosi, ijodi, faoliyati haqida jahon adabiyoti namoyandalarining qimmatli fikrlaridan parchalar Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabalari tomonidan o'zbek, rus, ingliz tillarida ijro etildi.
O'zbekiston xalq hofizi M.Tojiboyev ijrosida Alisher Navoiy g'azallariga bastalangan qo'shiqlar yangradi.
Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo'ydi.
Marosimda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.Ikromov ishtirok etdi.
* * *
Shu kuni poytaxtimizdagi Shoirlar xiyobonida ham buyuk bobokalonimiz tavalludiga bag'ishlangan mushoira bo'lib o'tdi. Unda yozuvchi va shoirlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari, talabalar qatnashdi.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari S.Sayyid, navoiyshunos olim H.Boltaboyev, shoira F.Afro'z va boshqalar shoirning o'lmas merosi yoshlarni Vatanga sadoqat, fidoyilik, halollik, mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda ulkan ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
Alisher Navoiy asarlaridan namunalar o'qildi.
Buyuk shoir tavalludiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy tadbirlar Qoraqalpog'iston Respublikasi, barcha viloyatlarda bo'lib o'tmoqda.