O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qudratli yurt farzandlari

2015-01-13 | Sport

Jahon arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan yosh sportchilarimizning g'alabalari yildan-yilga ortib bormoqda.

Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida buyuk kelajagimiz bunyodkori bo'lgan navqiron avlodni har jihatdan sog'lom va barkamol etib tarbiyalashning muhim omillari – ta'lim, sog'liqni saqlash, sport sohalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim va samarali omili sifatida yuksak samaralar berayotgani, yurtimiz sportining kelajagi, uning xalqaro maydondagi obro'-e'tiborini yuksaltirishning vositasiga aylanganini bugun hayotning o'zi tasdiqlab turibdi. Shaharu qishloqlarimiz ko'rkiga ko'rk qo'shib turgan muhtasham sport inshootlari o'g'il-qizlarni sog'lom turmush tarziga keng jalb etishga xizmat qilmoqda.

O'zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi ma'lumotlariga ko'ra, 2014-yilda 163 obyekt, jumladan, 115 bolalar sporti inshooti foydalanishga topshirildi. Mazkur inshootlarni sport inventarlari, zarur jihozlar, malakali murabbiylar bilan ta'minlash, o'g'il-qizlar o'rtasida sportni ommalashtirishga doimiy e'tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, joylarda turli sport musobaqalari tashkil etilayotgani yoshlarni sportga qiziqtirish, ularning g'alabaga bo'lgan intilishini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jamg'arma tomonidan o'tgan yilda qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qirqdan ortiq sport turi bo'yicha mamlakat miqyosidagi ko'plab sport musobaqalari o'tkazildi. Ushbu musobaqalarga 6782 nafar o'quvchi-yosh jalb etildi. Quvonarlisi, ushbu ishtirokchilarning 2721 nafarini qizlar tashkil etdi.

Bunday ezgu sa'y-harakatlarning natijasi yosh sportchilarning jahon sport arenalarida erishayotgan ulkan g'alabalarida o'z ifodasini topmoqda.

2014-yili Germaniya, Avstriya, Italiya, Rossiya, Tailand, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Bolgariya, Qozog'iston, Latviya, Litva, Malayziya, Belarus, Lyuksemburg, Armaniston, AQSh, Shveytsariya, Braziliya, Hindiston, Nederlandiya, Ispaniyada o'tkazilgan 56 xalqaro sport musobaqasida o'g'il-qizlarimiz qator sport turlari bo'yicha 126 oltin, 105 kumush, 160 bronza, jami 391 medalni qo'lga kiritgani buning tasdig'idir. Bu 2013-yilga nisbatan 38 taga ko'pdir.

Bu raqamlar oddiy raqamlar emas. Ular negizida davlatimizning sportga qaratayotgan ulkan e'tibori, ajratilgan mablag', yaratilgan shart-sharoit, murabbiylar mehnati, sportchilarning maqsad sari intilishi, ruhi, xarakteri, shijoati va mustahkam irodasi mujassam ekani hech kimga sir emas.

Chunki bir-biriga bog'liq bu omillar g'alabaning muhim asosidir. Agar bolada harakat, intilish bo'lsayu unga o'z vaqtida rag'bat ko'rsatilmasa, iqtidori qo'llab-quvvatlanmasa biron-bir natijaga erishish mushkul.

– Yosh sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi g'alabalari salmog'i yildan-yilga oshib bormoqda, o'g'il-qizlarimiz nufuzli musobaqalarda dunyoning rivojlangan davlatlaridagi tengdoshlari bilan tengma-teng bahslashib, hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo'lmasligini isbotlamoqda, – deydi O'zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi ijrochi direktorining o'rinbosari Akmal Bobonov. – Buning zamirida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e'tibor va g'amxo'rlik mujassamdir.

Bugun yoshlarimizning ta'lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishi, salomatligini mustahkamlashi, o'z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar pirovardida o'g'il-qizlarimizning erishayotgan natijalari xalqaro miqyosda keng e'tirof etilmoqda, dunyo havasini uyg'otmoqda.

Masalan, 2014-yilda Xitoyning Nankin shahrida o'tgan o'smirlar o'rtasidagi II Olimpiya o'yinlarida 28 nafar yosh sportchimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medalni qo'lga kiritgani yurtimiz sporti tarixida unutilmas voqealardan biri bo'ldi. Gretsiyaning Kavala shahrida maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan rapid va blits shaxmat bo'yicha jahon chempionatida aka-uka Islombek va Javohir Sindorovlarning manaman degan tengdoshlaridan ustun kelib, ikkitadan oltin medalga sazovor bo'lgani xalqimizni cheksiz quvontirdi.

E'tiborlisi, bugun yurtimiz faxriga aylanib ulgurgan yosh sportchilarimiz mamlakatimizning turli shaharu qishloqlarida voyaga yetgan. Masalan, o'smirlar Olimpiadasi g'oliblari – boks bo'yicha Osiyo va jahon chempioni Bektemir Meliqo'ziyev Farg'onada, yunon-rum kurashi bo'yicha Osiyo chempioni Ilhom Bahromov Samarqandda, dzyudochi Suhrob Tursunov Surxondaryoda, o'q otish ustasi Vladimir Svechnikov Toshkentda kamolga yetgan.

Bu sport yurtimizning barcha hududida birdek rivojlanayotganidan, turli hududlarda zamonaviy sport inshootlari barpo etilib, poytaxtnikidan kam bo'lmagan sharoitga ega ekanidan, iste'dod sohibi borki, har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

– Nufuzli musobaqalarda doimo xalqimizning, Prezidentimizning ishonchini, qo'llab-quvvatlashini his etib turamiz, – deydi II o'smirlar Olimpiadasi g'olibi I.Bahromov. – Bu bizga katta kuch-g'ayrat bag'ishlaydi. Mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e'tiborga javoban kelajakda jahon arenalarida Vatanimiz obro'-e'tiborini yuksaltirishga harakat qilamiz.

Ha, bugun mamlakatimizda yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o'z oldiga qo'ygan maqsadlarni ro'yobga chiqarish, jahon uzra O'zbekistondek qudratli yurtning munosib farzandlari ekanini isbotlashga ahd qilgan, har tomonlama yetuk avlod vakillari voyaga yetmoqda. Ular erishayotgan yutuqlar barchamizga faxr-iftixor bag'ishlaydi.

Поделиться