O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shanxay hamkorlik tashkiloti vakillari Qoraqalpog‘istonda
2016-12-02 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini kuzatish maqsadida kelgan Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi vakillari Chjan Xunszyan va Shaydogul Zokirova Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishmoqda.
Mehmonlar Ellikqal’a tumani 18-bolalar musiqa va san’at maktabi binosida joylashgan 554-saylov uchastkasida saylovga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi. Saylovchilar ro‘yxati, ovoz berish kabinalari, ona va bola, tibbiyot xonalarida yaratilgan sharoitlarni ko‘rdi.
– Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy va Ellikqal’a tumanlarida saylov uchastkalarini ko‘zdan kechirib, barcha joyda ushbu muhim siyosiy tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rilganiga amin bo‘ldik, – deydi Chjan Xunszyan. – O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganidan xabardormiz. Bugun bunga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, markazdan uzoq bo‘lgan qishloq va ovullarda ham aholi farovonligi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgani bizni hayratga soldi. Qayoqqa qaramang, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Yosh avlod kamoloti yo‘lida qilinayotgan ishlar har qancha tahsinga sazovor. Bolalar musiqa maktabida yaratilgan sharoit rivojlangan mamlakatlardagidan qolishmaydi. Iste’dodli bolalar ko‘pligi, ularning yuz-ko‘zidagi quvonch har qanday kishini to‘lqinlantirib yuboradi.