O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyevning Navoiy va Buxoro viloyatlari saylovchilari bilan uchrashuvi

2016-11-05 | Saylov

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi" aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Q.G‘aniyev ochdi.  

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy dasturning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Navoiy viloyati ham izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yilning 9 oyida viloyatda yalpi hududiy mahsulot qariyb 6 foiz o‘sdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari keng qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasida ularning safi kengayib, viloyat iqtisodiyotidagi salmog‘i tobora ortmoqda. Yangi uy-joylar va ijtimoiy obyektlar bunyod etilmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.  

Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Unda ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, sud hokimiyatining mustaqilligini va odil sudlovni ta’minlash, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish, ozuqabop va eksportbop ekinlarni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash, hayot sifati va farovonligini yuksaltirish kabi muhim masalalar o‘z ifodasini topgan.  

Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tdi. Navoiy shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.  

Mehnat faxriysi H.Mamatov, "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" davlat korxonasi "Navoiy mashinasozlik zavodi" ishlab chiqarish birlashmasi direktori N.Lakkay, Navoiy shahridagi "Ekspress-servis" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Sh.Ismoilov, Uchquduq qurilish va uy-joy kommunal xizmat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi S.Ravshanova, Tomdi tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri T.Medetov, Navbahor tumanidagi "Sarbozor" mahalla fuqarolar yig‘inining diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiytarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.Qo‘ldosheva va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishini ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 
 

* * *


Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan ham uchrashdi. 

Uchrashuvni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi F.Aminov ochdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. 

Dasturda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sanoatga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va eksport hajmini ko‘paytirish, xususiy mulk va tadbirkorlik sohasini keng rivojlantirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarish, aholi bandligini ta’minlash, hayot sifati va darajasini izchil yuksaltirish, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. 

Dasturda mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilish nazarda tutilgan. Sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, turistlar uchun viza berish va ro‘yxatga olish tartib-taomillarini soddalashtirish, yangi sayyohlik marshrutlarini yaratish, turizm infratuzilmasining izchil rivojlanishini ta’minlash, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish zarurligi qayd etilgan. 

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat sanoat salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 142,5 milliard so‘mlik 470 loyiha amalga oshirildi, 7 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Qishloqlarda namunaviy loyiha bo‘yicha qurilgan 900 dan ortiq uy-joy foydalanishga topshirildi. 

Markaziy Osiyodagi yirik ishlab chiqarish majmualaridan biri bo‘lgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlandi. Majmua tarkibiga yiliga 8,1 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod, shuningdek, 114 qazish qudug‘i, 11 maxsus maydon va 4 yig‘uv punktini o‘z ichiga olgan tabiiy gazni to‘plash tizimi kiradi. Mazkur loyiha O‘zbekiston gaz konlarini o‘zlashtirishni yangi bosqichga ko‘taradi. Zavodda 2 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratiladi. 

Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatning barcha shahar va tuman markazlaridagi saylovchilar bilan ochiq muloqot bo‘ldi. 

Mehnat faxriysi B.Jumayev, Peshku tumanidagi “Malishoyak” fermer xo‘jaligi rahbari S.Jumayeva, mehnat faxriysi M.Rafiqov, Olot tumanidagi "Himmat" fermer xo‘jaligi rahbari Q.Xudoyev va boshqalar tarixan qisqa davrda mamlakatimiz har tomonlama rivojlanayotgan zamonaviy davlatga aylangani, odamlarning hayot darajasi, dunyoqarashi va madaniyati tobora yuksalib borayotganini faxr bilan ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Поделиться