O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 5-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurganida Samarqand shahrida transport tizimini yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Aholiga qulaylik yaratish hamda shahar atrof-muhiti musaffoligini ta’minlash borasida zamonaviy tramvay liniyalari barpo etish zarurligini ta’kidladi.
Ushbu ezgu maqsadni amalga oshirish yuzasidan o‘tgan qisqa vaqt ichida zarur chora-tadbirlar belgilandi. Zamonaviy transport vositasi qatnovini bochqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish dasturlari ishlab chiqildi.
– Tramvay qatnovining dastlabki bosqichi Samarqand temiryo‘l vokzali maydoni va Sartepa massivi oralig‘ida yo‘lga qo‘yiladi, – deydi Samarqand shahar arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Tojiboyev. – Po‘lat izlar Beruniy, Buyuk ipak yo‘li, Amir Temur, Turkiston ko‘chalarida yotqiziladi. Umumiy uzunligi 8 kilometrdan iborat mazkur yo‘l qurilishining dastlabki ishlari boshlandi. Yo‘l qurilishining ikkinchi bosqichida tramvay yo‘nalishini Temiryo‘l vokzalidan Siyob dehqon bozorigacha, uchinchi bosqichida Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan Kimyogarlar shaharchasiga qadar uzaytirish ko‘zda tutilgan.
Samarqand shahrida dastlabki tramvay qatnovini 2017-yil Navro‘z bayramiga qadar yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.