O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar
2016-10-20 | Siyosat
20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.
Deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlaboq demokratik huquqiy davlat barpo etish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida islohotlar o‘tkazish yo‘lidan bordi.
Muhokama chog‘ida shu narcha alohida ta’kidlandiki, qonun loyihasi muhim va o‘z vaqtida qabul qilinayotgan bo‘lib, u korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni keng ko‘lamda qonun yo‘li bilan tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirishga, shuningdek, jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to‘liq barham berishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratishga qaratilgandir.
Mazkur huquqiy hujjatni muhokama qilish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Chunonchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi a’zolari qonun loyihasini ma’qullab, shuni alohida ta’kidladilarki, qonunning qabul qilinishi fuqarolarning huquqlari va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlashda qo‘shimcha huquqiy kafolatlar yaratadi, xususiy mulk huquqini g‘ayriqonuniy tajovuzlardan, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashuvdan himoyalashga, oxir-oqibatda ishbilarmonlik muhitining va mamlakatimiz investitsiya jozibadorligining oshishiga xizmat qiladi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ushbu qonun loyihasining dolzarbligi va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Mazkur hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy prinsiplari va yo‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi mustahkamlab qo‘yilgan, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining, ommaviy axborot vositalarining ishtiroki nazarda tutilgan.
Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida yana bir amaliy qadam bo‘ladi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zolari ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab, shuni ta’kidladilarki, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasini tashkil etish hamda uning tarkibiga tadbirkorlar jamoat birlashmalarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillarini kiritish korrupsiyaga qarshi kurashish subyektlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini, ularning o‘zaro hamkorligi kuchaytirilishini ta’minlashga qaratilgandir.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab, boshqaruv faoliyati sohasidagi korrupsiya holatlari fuqarolarning huquqlari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilishga sabab bo‘luvchi omillardan biri ekanligiga e’tiborni qaratdilar. Shu tufayli ham Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining kiritilishi davlat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning aniqligidan dalolat ekanligini tasdiqlaydi. Mazkur qonunning amalga oshirilishi xalqaro huquq normalariga rioya etilishini bundan buyon ham ta’minlashga xizmat qiladi va mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshiradi.
Parlament quyi palatasi deputatlari o‘z ishlarini “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilish bilan davom ettirdilar.
Deputatlar qayd etganidek, qonun loyihasi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan maxsus qabulxonalarning huquqiy maqomi, ularni qabul qilish, saqlash hamda ozod qilish tartibi, huquq va majburiyatlari, intizomiy jazo choralari hamda ma’muriy qamoqni amalga oshirishga taalluqli boshqa qoidalarni nazarda tutadi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi hibsga olingan shaxslarning huquq va erkinliklari himoyasi kafolatlarini mustahkamlashga, ma’muriy qamoq jazosini o‘tashning yagona amaliyotini ta’minlashga, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini hamda ushbu tizim xodimlarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Munozaralar yakunlariga ko‘ra, deputatlar ushbu qonun loyihalarini konseptual jihatdan ma’qullab, birinchi o‘qishda qabul qildilar.
Mas’ul qo‘mitalarga kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda mazkur hujjatlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash vazifasi topshirildi.