O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida bo‘ladigan 43-sessiyasiga doir
2016-10-17 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2016-yil 14-oktyabr kuni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun 18-19-oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo 26 davlat tashqi ishlar vazirlari mazkur yig‘ilishda ishtirok etishini tasdiqlaganini ma’lum qildi. Bular Afg‘oniston, Bangladesh, Gayana, Jazoir, Indoneziya, Iordaniya, Kamerun, Kot d'Ivuar, Kuvayt, Liviya, Malayziya, Maldiv, Misr, Nigeriya, Ozarbayjon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Somali, Surinam, Tojikiston, Turkiya, Falastin, Yaman, Qatar, Qirg‘iziston, Qozog‘iston tashqi siyosat idoralari rahbarlaridir.
Sessiyada Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy, Islom taraqqiyot banki guruhi prezidenti Bandar Hajjar, tashkilotning yordamchi va maxsus muassasalari bosh direktorlari, AQSh, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Shveysariyaning IHTdagi maxsus vakillari hamda BMT, YeXHT, Arab davlatlari ligasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi qator tuzilmalar vakillari ham ishtirok etadi.
18 oktyabrda o‘z ishini boshlaydigan sessiya doirasida Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi Kuvayt Davlati o‘z raislik vakolatini rasman O‘zbekistonga topshiradi. Shu paytdan boshlab O‘zbekiston Respublikasining tashqi ishlar vaziri mazkur organning 2017 yildagi navbatdagi sessiyasiga qadar Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining raisi funksiyalarini amalga oshiradi.
Tasdiqlangan dastur va kun tartibiga muvofiq ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlashi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga musulmon davlatlarni birlashtiruvchi umume’tirof etilgan forum sifatida qaraydi, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi bo‘lajak raisligini esa mamlakatimizning islom tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan tarixiy hissasining e’tirofi, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston tashkilotning dunyodagi rolini kengaytirish hamda tashkilot oldidagi muhim vazifalarni hal etishga har tomonlama ko‘mak berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ravishda vayronkor mafkuraga qarshi kurashish, aholida, ayniqsa, yosh avlod vakillarida muqaddas islom dini qadriyatlari haqida to‘g‘ri tushuncha va fikrni shakllantirish, har tomonlama yetuk va yuqori bilimli yoshlarni tarbiyalash masalalarining davlatlarimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashdagi ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasining IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligi “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik yo‘li” shiori ostida o‘tadi.
Sessiya qatnashchilari yalpi majlislarda Islom hamkorlik tashkiloti oldida turgan davlatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash, tinchlikni mustahkamlash sohasidagi umumiy vazifalarni hal qilish hamda siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini ham muhokama qiladi.
Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida joriy yilning avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida Iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha Islom komissiyasining 39-sessiyasi hamda IHTga a’zo davlatlar yuqori mansabdor shaxslarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu forumlar ishida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Mazkur tadbirlar yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida tasdiqlanishi rejalashtirilgan 100 dan ortiq rezolyutsiya ma’qullandi. Bundan tashqari, IHTning Maxsus qo‘mitasi tomonidan tadbir doirasida qo‘shimcha ravishda qator rezolyutsiya loyihalari ko‘rib chiqiladi.
Sessiya yakuniga ko‘ra qabul qilinadigan asosiy hujjat Toshkent deklaratsiyasi hisoblanadi. Mazkur hujjat IHT kun tartibidagi asosiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar masalalarni hamda O‘zbekiston Respublikasining Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligining ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.