O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot

2016-10-13 | Iqtisodiyot

2016-yil 13-oktabrda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini, 2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijadorligini muhokama qilishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev olib bordi.

Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, shuningdek, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiyalashni chuqurlashtirishning eng muhim vazifalarini bajarish, joriy yilda foydalanishga topshiriladigan eng muhim obyektlarni ishga tushirishni so‘zsiz ta’minlash, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, mahalliy mahsulotlar eksportini ko‘paytirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar natijadorligi har tomonlama ko‘rib chiqildi va tanqidiy tahlil qilindi. 

Qayd etildiki, global iqtisodiyotning rivojlanishi tobora sekinlashib borayotgani va jahon bozorlaridagi noqulay shart-sharoitlarga qaramay, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan va uning islohotlarni amalga oshirishga doir beshta mashhur tamoyiliga asoslangan mamlakatni isloh etish, modernizatsiyalash va rivojlantirish strategiyasini maqsadli va tizimli amalga oshirish natijasida O‘zbekistonda makroiqtisodiy muvozanat va iqtisodiyot o‘sishining yuqori sur’atlari saqlanib qolmoqda. 

Joriy yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 7,8 foizni, sanoat o‘sishi 7,2 foizni, qurilish ishlari hajmi o‘sishi 15 foizni, chakana savdo aylanmasi o‘sishi 14,2 foizni, xizmatlar ko‘rsatish hajmi o‘sishi 12,4 foizni tashkil etdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi. 

Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Zamin zahmatkashlarining fidokorona mehnati va mirishkorligi tufayli, murakkab ob-havo sharoitlariga qaramay, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining boy hosili yetishtirildi va yig‘ishtirib olindi. Natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 6,4 foizga o‘sishi ta’minlandi. 

Aholining daromadlari, turmush darajasi va sifatini uzluksiz oshirish yo‘nalishi davom ettirildi. O‘tgan 9 oyda o‘rtacha oylik ish haqi 12,6 foizga oshgan, joriy yil 1-oktabrdan esa byudjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar yana 15 foizga oshirildi. Yangi qishloq massivlarida zamonaviy namunaviy loyihalar bo‘yicha 12 mingtadan ortiq shinam va qulay shaxsiy uy-joy foydalanishga topshirildi. 

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, sog‘liqni saqlash tizimi moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash tadbirlarini amalga oshirish davom ettirilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 6,8 trillion so‘mdan ortiq va 150 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi. 

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan davlat mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabriknomasida “...biz erishayotgan ulkan marra va natijalar ko‘zlagan maqsadlarimizning faqat ma’lum bir qismini tashkil etadi. Hozirgi vaqtda tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgan davr ... barchamizdan, avvalo, rahbarlik va yetakchi lavozimlarda o‘tirgan shaxslardan eski qarash va yondashuvlar, ish uslublaridan butunlay voz kechib, yangicha fikrlashni, ishni tashkil qilish va boshqaruv tizimini zamon talablari darajasiga ko‘tarishni taqozo etmoqda...”, deb belgilab berilgan vazifaga qaratildi. 

Ushbu talabdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va barcha darajadagi hokimliklar rahbarlari oldiga iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallab qabul qilingan dasturlarning 2016-yilga ko‘zda tutilgan barcha chora-tadbirlari, prognoz ko‘rsatkichlari va maqsadli parametrlarini so‘zsiz ijro etish uchun mavjud resurs va zaxiralarni safarbar etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi. Shuningdek, 2017-yil va kelgusi yillarda iqtisodiy rivojlantirishning barqaror yuqori sur’atlarini saqlab qolish uchun mustahkam zamin yaratish vazifasi topshirildi. 

Bank tizimi barqarorligi va investitsiyaviy faolligini yanada oshirish, shu jumladan, ishlab chiqarishlarni rivojlantirish va modernizatsiyalashga doir investitsiya loyihalariga, shuningdek, xizmat ko‘rsatish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalariga kredit ajratish hajmlarini kengaytirish masalalari majlis ishtirokchilarining diqqat-e’tiborida bo‘ldi. 

Majlisda davlat aktivlarini, aksiyadorlik jamiyatlari va korxonalar ustav fondlaridagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ulushlarini xususiy mulkka, eng avvalo, xorijiy investorlarga sotish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini batafsil tahlil qilishga diqqat-e’tibor qaratildi. 

Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan respublika iqtisodiyotini rivojlantirishning strategik vazifalari va eng muhim maqsadli parametrlarini so‘zsiz bajarish uchun boshqaruv uslublarini tubdan va tanqidiy qayta ko‘rib chiqish zarurligi alohida qayd etib o‘tildi. Bunda birinchi galdagi va strategik vazifa sifatida iqtisodiyotni chuqur isloh qilish, yanada diversifikatsiyalash va modernizatsiyalash, xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi barcha to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish shartligi ta’kidlandi. 

Majlis ishtirokchilarining asosiy e’tibori joriy yil 5-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonida belgilab berilgan tadbirkorlikni rivojlantirishni jadallashtirish, xususiy mulkni himoya qilish va daxlsizligini kafolatlash huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishni so‘zsiz ta’minlash zarurligiga qaratildi. Vazirliklar va idoralar, eng avvalo, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari va barcha darajadagi hokimliklar rahbarlarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvini tubdan qisqartirish bo‘yicha aniq vazifalari va shaxsiy mas’uliyati belgilab berildi. 

Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida 2016-yilning eng muhim obyektlarini ishga tushirishni ta’minlash, mahalliy xomashyo va materiallarni chuqur qayta ishlash hamda kimyo, charm-poyafzal, farmatsevtika, qurilish industriyasi va tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha tasdiqlangan o‘rta muddatli dasturlar doirasida investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi chuqur va batafsil tahlil qilindi. 

Sanoat tarmoqlarini chuqur tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiyalash, rivojlangan ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmalarni shakllantirish bo‘yicha faol investitsiya siyosatini amalga oshirish o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmining – 9,4 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar – 11,2 foizga o‘sishini ta’minlagani qayd etildi. 

Yil boshidan buyon 2016-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 100 ta yirik ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilgani qayd etildi. Vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlarining yil oxirigacha ishga tushirish mo‘ljallangan 64 ta yirik ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirishni so‘zsiz ta’minlash, shuningdek, 2017-yil uchun ishlab chiqarish dasturlari uchun zarur xomashyo va materiallarni, eng avvalo, X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida xarid qilishga shartnomalar tuzishni tezlashtirish yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari belgilab olindi. 

Bir qator vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining e’tibori muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligiga qaratildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari, bir qator vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlariga aholi hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan infratuzilma obyektlarini rivojlantirish hamda eng muhim ijtimoiy masalalarni hal etish bo‘yicha 14 ta o‘rta muddatli dasturlar loyihalarini tayyorlashni tugallash va tasdiqlash uchun kiritish topshirildi. Bular qatorida suv, elektr ta’minoti, aholiga transport xizmatini ko‘rsatishni yaxshilash, mahalliy avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, maktabgacha ta’lim muassasalari va bozorlarni modernizatsiyalash, kam ta’minlangan va yosh oilalar uchun arzon uy-joylar qurish, aholini arzon dori vositalari bilan ta’minlash, ayollar, bolalar va pensionerlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash dasturlari ishlab chiqiladi. 

Majlisda iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini yanada oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish, eksport qilinadigan mahsulotlar hajmlari va turlarini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish yo‘li bilan mahsulotlar va xizmatlarni eksport qilish prognoz ko‘rsatkichlariga erishish yuzasidan ishlarning natijadorligini puxta tahlil qilishga diqqat-e’tibor qaratildi. 

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tuman hokimliklariga mahsulotlarni tayyorlash, saqlash, qayta ishlash, joylash va tashish bo‘yicha zarur infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutgan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirilgan 66 ta tumanning eksport salohiyatini kengaytirishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. 

Vazirlar Mahkamasining majlisida Bosh vazirning o‘rinbosarlari, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekenergo”, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatlari, Sog‘liqni saqlash va Xalq ta’limi vazirliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining iqtisodiyot tarmoqlarini, uy-joy fondini, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash va ularni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan uzluksiz ta’minlash ishlarini tugallash yuzasidan hisobotlari eshitildi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasiga meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy turlari va kartoshkani zarur hajmlarda g‘amlashni tugallashni jadallashtirish, shuningdek, ichki bozorda narxlarning asossiz keskin o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan talabni va narxlar kon’yunkturasini hisobga olgan holda qish-bahor mavsumida ularni aholiga sotishni tizimli yo‘lga qo‘yishni ta’minlash topshirildi. 

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, respublikaning yirik korxonalari va viloyatlar hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Respublika Hukumati majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, ularda 2016-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. 

Поделиться