O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi boshlandi

2016-10-12 | Iqtisodiyot

Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mitaning eng muhim tadbirlari reyestriga kiritilgan ushbu yarmarka dunyo miqyosida paxta bozori siyosatini belgilovchi nufuzli anjumanlardan biridir.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2005-yildan buyon an’anaviy o‘tkazilayotgan yarmarka “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Tovar-xomashyo birjasi va “Sifat” markazi hamkorligida tashkil etildi. 

Xalqaro paxta uyushmasi, Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita, “Cotton Outlook” xalqaro axborot agentligi va Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi singari nufuzli tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

O‘zbek paxta tolasiga bo‘lgan ehtiyoj jahon bozorida muntazam ortmoqda. Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ishtirokchilari yil sayin ko‘payib borayotgani ham shundan dalolatdir. Misol uchun, 2005-yilgi dastlabki yarmarkada 30 mamlakatdan 170 ga yaqin kompaniya vakillari qatnashgan bo‘lsa, 2010-yilda 34 davlatdan 300 dan ziyod firma va kompaniya mutaxassislari ishtirok etdi. Bu yil anjumanga 40 dan ziyod davlatdan vakillar qatnashmoqda. Ayni vaqtda o‘zbek paxtasini yetkazib berish ko‘lami tobora kengayib, dunyoning yangi-yangi mintaqalari qamrab olinmoqda. 

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi raisi A.Kamolov, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati raisi I.Haydarov va boshqalar O‘zbekiston jahon paxta bozoridagi yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lib, paxta ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda oltinchi, eksport bo‘yicha beshinchi o‘rinda turishi, eksport imidjini mustahkamlash uchun keng ko‘lamli ishlar qilingani, jahon bozorida raqobat kuchayayotgan hozirgi sharoitda o‘zbek paxta tolasining raqobatbardoshligini yanada oshirish zarurligini alohida ta’kidladi. 

“Cotton Outlook” xalqaro axborot agentligi bosh muharriri R.Batler o‘zbek paxta tolasi xalqaro standartlarga to‘la javob berishi, tola ishlab chiqarish darajasi barqaror saqlanayotgani iste’molchilarga maqbul kelayotganini alohida qayd etdi. 42 mamlakatni birlashtirgan Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mitaning boshqaruvchi direktori A.Gitchuns esa dunyo miqyosida katta ahamiyatga ega ushbu nufuzli paxta forumida bir necha yillardan buyon ishtirok etayotganidan mamnunligini bildirib, izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston jahon paxta bozorining yirik ishtirokchilaridan biriga aylanganini ta’kidladi. 

Yarmarkada ishtirokchilar O‘zbekistonda yangi va istiqbolli navlarni yaratish, agrotexnika tadbirlari va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, paxta yetishtirishdan uni tayyorlash, saqlash va transportirovka qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘z ichiga olgan paxta sanoatini yanada rivojlantirish strategiyasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Yarmarkaning asosiy voqealari «O‘zekspomarkaz» maxsus pavilyonida o‘tmoqda. Pavilyon xalqaro yarmarka standartlariga muvofiq jihozlangan bo‘lib, tarmoqqa oid barcha ma’lumotni qamrab olgan axborot stendlari o‘rnatilgan. Anjuman qatnashchilari bu yil mamlakatimiz paxta zavodlarida ishlab chiqarilgan 650 turkum tolaning namunalari bilan tanishish va sifat jihatidan o‘z ehtiyojlariga mos toylarni tanlab olish imkoniga ega. 

– Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi an’anaviy tus olgani quvonarli hol, – deydi Rossiya sanoat-savdo vazirining o‘rinbosari Viktor Yevtuxov. – Yarmarka yuqori saviyada tashkil etilgan, samarali ishlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Joriy yilda yirik miqdorda paxta tolasi xarid qilish va kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qo‘shma korxona tashkil etish niyatidamiz. 

– Biz 50 ming tonna a’lo sifatli tola xarid qilish to‘g‘risida shartnoma imzoladik, – deydi Bangladeshdagi “Dsm Commodities Ltd.” kompaniyasining vakili Fashxur Rahmon. – Muzokaralar jarayoni hamjihatlik ruhida o‘tmoqda, sotish shartlari barcha xalqaro standartlarga mos. Xalqaro yarmarkada ishtirokimiz juda samarali bo‘ldi, u yangi aloqalar o‘rnatish, yanada foydali bitimlarni amalga oshirish imkonini berdi. Kompaniyamiz hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor. 

Tadbir qatnashchilari yarmarka doirasida bo‘lib o‘tadigan anjuman va davra suhbatlarida jahon paxta bozorining bugungi holati va uning istiqbollarini muhokama qilish barobarida, O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoatiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishmoqda. Zero, yarmarkada tola namunalaridan tashqari, to‘qimachilik korxonalarimizning mahsulotlari – kalava, matolar, tayyor buyumlar ham keng namoyish etilmoqda. To‘qimachilik yarmarkasi ekspozitsiyasi «O‘zekspormarkaz»ning alohida pavilyonidan joy olgan. 

Mamlakatimizda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, yurtimizda yetishtirilgan paxtadan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samaralarini berayotir. Misol uchun, 90-yillarning boshida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportining umumiy hajmi 7 million AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, sohada olib borilgan izchil islohotlar va yangi bozorlarni egallash hisobiga bu ko‘rsatkich bir milliard dollarga yetib, tayyor mahsulotlar dunyoning ellikdan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda. 

Qo‘shma korxonalar soni, investitsiyalar, jumladan, xorijiy investitsiyalar oqimi ko‘paymoqda, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hisobidan ishlab chiqarish chuqur modernizatsiya qilinmoqda. Bu yaqin kelajakda o‘zbek tolasining yarmidan ko‘pini bevosita mamlakatimiz korxonalarida qayta ishlash, paxtani eksport qilishdan tashqari, jahon bozorida paxtadan tayyorlangan raqobatbardosh tayyor mahsulotlarni sotishni ko‘paytirish imkonini beradi. 

So‘nggi yillarda o‘zbek tolasi toifa va mikroneyri bo‘yicha eng sifatli, deb e’tirof etilmoqda. Bu Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning sohaga oid farmon va qarorlarining bajarilishi natijasida amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgarishlar samaradorligining yorqin ifodasidir. Mamlakatimizning bu sohadagi siyosati barqaror ishlab chiqarish hajmlarini saqlash, o‘zbek paxtasining mintaqaviy va xalqaro savdosi uchun raqobat muhitini yaratishga asoslangan. 

Paxta tolasini eng ilg‘or xalqaro standartlar asosida sertifikatlash bilan ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilardan mustaqil bo‘lgan, Yevropa va Amerikadagi yetakchi paxta uyushmalari a’zosi – “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi shug‘ullanib kelmoqda. Yuqori likvidligi bilan ajralib turuvchi tolamiz sifatini kafolatlovchi mazkur markazning “Milliy ma’lumotlar bazasi»da yurtimiz paxta tozalash korxonalarida ishlab chiqilgan paxta tolasining sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar jamlangan. 

“Sifat” markazida tola namunalarini sinovdan o‘tkazishda eng zamonaviy, yuqori unumdorlikka ega bo‘lgan HVI 1000 tizimlaridan foydalanilmoqda. Ushbu tizimlar yordamida tolaning barcha xususiyati, jumladan, uzunligi, pishiqligi, oqlik darajasi, mikroneyri, kalta tolalar ulushi, uzunlik bo‘yicha birxilligi, elastikligi hamda ushbu ko‘rsatkichlar orqali tolaning yigiruvchanlik qobiliyatini aniqlash mumkin. 

– Sifat ko‘rsatkichi bilan bir vaqtda tolaning tozaligi ham yaxshilanmoqda, – deydi «Sifat» markazi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Boyxonov. – Bu zamonaviy avtomatlashtirilgan to‘qimachilik fabrikalari uchun muhim ahamiyatga ega. Bu borada o‘zbek paxta tolalarining o‘rtacha uzunligi hamda uzunlik bo‘yicha birxilligi sezilarli ravishda yuqori ko‘rsatkichlarga ega. 

Sohada amalga oshirilgan o‘zgarishlar, yangilanishlar evaziga paxta seleksiyasi va uni yetishtirishdan tolani sertifikatlash va sotishgacha bo‘lgan jarayonlar eng ilg‘or jahon standartlari darajasiga ko‘tarildi. G‘o‘za seleksiyasida ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar natijasida seleksioner olimlarimiz g‘o‘zaning 110 dan ziyod navini yaratdi. Ulardan 30 dan ortig‘i Davlat reyestriga kiritilgan. 

O‘zbekiston olimlari erishgan so‘nggi yutuqlardan biri – bu dunyodagi ilk gen-nokaut texnologiyasidir. Mazkur texnologiya chidamli xususiyatlarga ega «Porloq» navlari turkumini yaratish imkonini berdi. Buning samarasida mamlakatimizda yangi nav tolasini sotish uchun narxlar tarifikatsiyasiga o‘zgartirishlar kiritildi va ushbu tola boshqa navlarga qaraganda 12 foiz qimmat sotilmoqda. Hozir bir qator urug‘chilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarida “Porloq-1”, “Porloq-2”, “Porloq-3” va “Porloq-4” yangi g‘o‘za navlarining urug‘lik chigiti tayyorlanmoqda. 

Bu yilgi xalqaro yarmarka doirasida, avvalgilaridan farqli o‘laroq, “Paxta sanoatining rivojlanishi va jahon bozorida o‘zbek paxta tolasi raqobatbardoshligini oshirish istiqbollari”, “To‘qimachilik tarmog‘ining raqobatbardoshligini oshirish – eksport imkoniyatlari ortishining muhim omili”, “Paxta va to‘qimachilik tarmoqlarida ilmiy va texnologik yangiliklar” kabi mavzularda uchta seksiyaga bo‘lingan holda o‘zaro muloqotlar o‘tkazilmoqda. 

Yarmarka doirasida ishtirokchilar “Toshkent-tola” paxta terminali, Toshkent viloyatidagi “O‘zbekiston” paxtani qayta ishlash zavodi, «UzteksChirchiq» qo‘shma korxonasida bo‘lib, mamlakatimiz paxtachilik sektorida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samaralari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yengil sanoat salohiyati, jumladan, mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan turfa liboslar namoyishi ham rejalashtirilgan. 

XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasining ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi. 

Поделиться