O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ishbilarmonlar uchun keng imkoniyat
2016-10-11 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamkorlikda tashkil etgan tadbirda Adliya, Iqtisodiyot vazirliklari, Fermerlar kengashi, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fermerlar ishtirok etdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev va boshqalar mazkur farmon kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab berishini ta’kidladi.
Farmonda belgilangan chora-tadbirlar noqonuniy tekshirishlarning oldini olishga, ayniqsa, davlat organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkorlik subyektlarining faoliyati asossiz to‘xtatilishiga va zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
– Mazkur farmonda tadbirkorlik subyektlariga bir qator kulayliklar va imtiyozlar berilgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Hakimjon Rahimov. – Misol uchun, kichik biznes subyekti yetkazilgan zararni qoplagan va huquqbuzilishi oqibatlarini belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etgan taqdirda javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilinadi. Ularga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazoni qo‘llash taqiqlandi. Bundan tashqari, Nazorat qiluvchi organlar endilikda rejadan tashqari tekshirishlar o‘tkazishni tashkil qilish huquqiga ega emas. Bunday tekshirish faqat Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining qaroriga muvofiq o‘tkazilishi mumkin.
Yig‘ilishda ushbu choralar ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam ekanligi, tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishi ustidan partiya faollari ham deputatlik nazoratini kuchaytirishi lozimligi qayd etildi.