Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining O‘zbekiston xalqiga murojaati
2016-yil 16-sentabr Bishkek shahri
Biz, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafoti munosabati bilan mustaqil O‘zbekiston tarixidagi murakkab davrda do‘st O‘zbekiston xalqini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz.
O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish, xalqaro nufuzini oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilgan keng ko‘lamli islohotlar buyuk davlat arbobi Islom Karimov nomi bilan bog‘liqdir. U o‘zining butun hayotini xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga bag‘ishladi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining asoschilaridan bo‘lib, Hamdo‘stlik davlatlarining xalqlari o‘rtasida iqtisodiy aloqalar, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida juda ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. O‘zbekiston rahbari sifatida Markaziy Osiyoda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, mintaqani xavfsiz va barqaror rivojlanayotgan hududga aylantirishga benihoya katta hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston bundan buyon ham izchil rivojlanishi va Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash ishlarini qat’iy davom ettirishiga ishonch bildirgan holda, O‘zbekiston xalqining tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni ta’minlash borasidagi harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining tarixiy merosi Hamdo‘stlik xalqlarining ahil oilasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga doimo xizmat qilishiga ishonamiz.