O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Milliy saylov tizimi rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan seminar
2016-10-06 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda istiqlol yillarida milliy saylov tizimi rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchi va talabalari, huquqshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘tgan davrda erkin va adolatli saylovlarning qonunchilik asoslarini shakllantirish va yanada rivojlantirish borasida katta amaliy tajriba to‘plandi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar saylov jarayonining huquqiy asosini tashkil etadi.
Seminarda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda o‘tkazilgan saylovlarda to‘plangan boy amaliy tajriba, xalqaro saylov standartlari milliy saylov qonunchiligi demokratik islohotlarga mos tarzda tadrijiy rivojlanib, takomilga yetib borishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
2015-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar milliy saylov qonunchiligini demokratik tamoyillar asosida yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda joriy yilning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, saylovlarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati, unda har bir fuqaro uchun keng imkoniyatlar yaratilganligi haqida ham fikr yuritildi.
Manba: O'zA