O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Okrug saylov komissiyalari tarkibiga nomzodlar tavsiya etildi
2016-09-22 | Saylov
20-21-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining sessiyalari bo‘lib, ularda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar muhokama qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga va Asosiy tadbirlar dasturi muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida tuzildi.
Saylov okruglari ro‘yxati saylovchilar soni hamda okrug saylov komissiyalari qayerda joylashganligi ko‘rsatilgan holda matbuotda e’lon qilindi.
Prezident saylovini tashkil etish va uni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va kamida 6-8 nafar a’zosidan iborat tarkibda tuziladi.
Okrug saylov komissiyalarining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bilan jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Joylardagi davlat hokimiyati vakillik organlari sessiyalarida muhokamalar natijasida okrug saylov komissiyalari tarkibiga nomzodlar tavsiya qilish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.