O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy saylov komissiyasi va yetakchi ommaviy axborot vositalari o‘rtasida bitimlar imzolandi
2016-09-21 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Uzreport” axborot agentligi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritish to‘g‘risida ikki tomonlama bitimlar imzolandi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mamlakatimizda samarali saylov tizimi shakllanishi barobarida, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksalganini ta’kidladi. Avvalgi saylov kampaniyalari mobaynida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlari haqida jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha katta tajriba to‘plandi. Zero, saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq holda o‘tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq ommaviy axborot vositalari saylov jarayonini keng yoritadi.
Tuzilgan bitimlar saylov to‘g‘risidagi milliy qonunchilik hujjatlari – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar va saylov jarayonini tartibga soladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va saylov qonunchiligi sohasidagi olim va ekspertlar bilan suhbatlar uyushtirish, saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi ijrosi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqida jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor qilishda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalaniladi. Saylov kampaniyasi to‘g‘risida xorijiy mamlakatlar davlat va jamoat arboblari, ekspert va tahlilchilari, ommaviy axborot vositalari vakillarining fikr-mulohazalari bilan mamlakatimiz aholisini doimiy ravishda tanishtirib borish borasidagi ishlar samarali tashkil etiladi.
Imzolangan bitimlarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyati izchil yoritib boriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalarini, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga taalluqli mustaqil nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda, shu jumladan, teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yo‘li bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor beriladi.