O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarda tadbirkor va fermerlar uchun seminarlar o‘tkazildi

2016-09-20 | Iqtisodiyot

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tadbirkor va fermerlarga yaqindan ko‘maklashish maqsadida hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish masalalariga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazdi.

– Mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘tkazilgan seminarlarda tadbirkor, fermerlarni mahsulotlarni eksportga tayyorlash, ishonchli xaridorlar topish, xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalarda qatnashish borasidagi yangiliklar bilan yaqindan tanishtirdik, – deydi jamg‘arma bo‘lim boshlig‘i Marat Jo‘rayev. – Eksport shartnomalarini tuzish, mahsulotlarga sertifikat va litsenziyalar olish, logistikani tashkil qilish hamda bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitdik. 

Jahon bozorida biror mahsulotga xaridor topish oson ish emas. Bunda yuqori sifat va qulay narx muhim ahamiyatga ega. Yurtimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bunday sifatlarga egaligi meva-sabzavot, poliz ekinlariga talabning ortishiga sabab bo‘lmoqda. 

Mamlakatimiz o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘nta davlat qatoriga kirdi. Zero, yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, sanoat usulida chuqur qayta ishlash va ichki iste’moldan ortiq qismini eksport qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Etishtirilayotgan mahsulotlar jahon bozorida munosib o‘rin egallashi, eksport faoliyatiga yangi tadbirkorlarni jalb qilish hamda ularning salohiyatini oshirishda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘zining munosib hissasini ko‘shmoqda. 

2016-yilning o‘tgan davrida jamg‘arma tomonidan 625 qishloq xo‘jaligida band fermer va tadbirkorlik subyektiga o‘z mahsulotlarini eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilib, buning natijasida 176 tadbirkorlik subyekti tomonidan 255 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. 

Shahrisabz tumanidagi “Shahrisabz meva-sabzavot” agrofirmasi shu yili ta’sis etilgan. Uning faoliyati asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga ixtisoslashgan. Agrofirmaning 2016-yilga mo‘ljallangan manfaatli shartnomalari umumiy summasi 20 million dollarni tashkil etmoqda. 

Xorijliklar yurtimizda yetishtirilgan ko‘katga ham katta qiziqish bildirmoqda. Misol uchun, G‘uzor tumanidagi “Lavr farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati Ukrainaga quritilgan shivit eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu qiymati 1 million 200 ming dollarlik manfaatli shartnomalardan biri, xolos. 

Jahon bozorida yuqori baholanayotgan meva-sabzavot, poliz ekinlari va uzumga xaridor ko‘p. Buni dalaning o‘zidanoq saralanib eksportga jo‘natilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining kundan-kunga ortib borayotgani ifodalab turibdi. 

Поделиться