O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2020-yilga qadar yengil sanoat sohasida qiymati 1 milliard dollardan ortiq 60 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi
2016-09-19 | Iqtisodiyot
“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyatida mustaqillik yillarida mamlakatimiz yengil sanoat tarmog‘ida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mintaqamizda sanoat sohasidagi yetakchilardan biri bo‘lgan O‘zbekiston nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarni ham sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash borasida ulkan salohiyatga ega ekani ta’kidlandi. Korxonalarni texnik va texnologik yangilash, soha infratuzilmasini izchil rivojlantirish, eksport salohiyatini yuksaltirish, sohaga xorijiy investitsiyalar jalb qilish va yangi ish o‘rinlari tashkil etish mamlakatimiz yengil sanoatini jadal rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridir.
Mustaqillik yillarida “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan qiymati 31 trillion so‘mdan ziyod sanoat mahsulotlari, 13 trillion so‘mdan ortiq xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarildi. Korxonalar paxta kalava va gazlama, to‘qimachilik matolari, tikuvchilik va paypoq buyumlari, ipak kalava, tayyor kiyim ishlab chiqarish bilan birgalikda tibbiyot uchun mo‘ljallangan mahsulotlar va maxsus kiyimlar tayyorlashni ham o‘zlashtirmoqda.
Mahsulotlarni eksport qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Mustaqilligimizning dastlabki yillarida qiymati 7 million dollarlik to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, 2015-yilda eksportga 1 milliard dollardan ziyod mahsulot yetkazib berildi. Jamiyat tarkibiga kiradigan eksportchi korxonalar soni 260 dan oshdi, eksport qilayotgan mahsulotlar tarkibiga bambukli, modal va aralash kalava, jakkard va ringel mato, tayyor tikuvchilik-trikotaj buyumlari kiritildi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, umumiy eksport hajmida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar ulushi 32,2 foizni tashkil qildi va bu ko‘rsatkich muntazam o‘smoqda.
Ayni paytda mamlakatimizda tayyorlanayotgan to‘qimachilik mahsulotlari Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston kabi dunyoning 50 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. Tashqi savdo bozorlarini diversifikatsiya qilish, eksport qilinadigan tovarlar turini kengaytirish maqsadida soha korxonalari xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-yarmarkalarda faol ishtirok etayotir.
O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi ham mamlakatimiz yengil sanoatining yuksak salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi. 1995-yildan buyon sohaga qiymati 2 milliard AQSh dollaridan ortiq chet el investitsiyasi jalb etildi. So‘nggi yillarda Germaniya, Shveytsariya, Italiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, AQSh, Hindiston va boshqa mamlakatlar sarmoyadorlari ishtirokida 200 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Barcha turdagi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini beradigan zamonaviy korxonalar ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil 4-martdagi “2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minalash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi farmoni sohani yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. 2015-yilda 41,4 ming tonna kalava, 6,6 ming tonna trikotaj mato, 38 million juft paypoq buyumlari, 16 millionta tayyor buyum, 3,3 million kvadrat metrdan ziyod gilam mahsulotlari va 400 ta tikuvchilik mashinasi ishlab chiqaradigan 33 yangi korxona foydalanishga topshirildi. Loyihalar umumiy qiymati 170 million AQSh dollaridan oshdi. 2,6 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida qiymati 90 million dollarga teng 11 yangi sanoat korxonasi ishga tushirildi.
Matbuot anjumanida 2020-yilga qadar yengil sanoat sohasida qiymati 1 milliard dollardan ortiq oltmishdan ziyod loyihani hayotga tatbiq etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. 2015-2020-yillarda to‘qimachilik va yengil sanoatni rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi soha eksport salohiyatini qariyb 2 barobar oshirib, 13 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.