O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi to‘g‘risida axborot
2016-09-08 | Siyosat
2016-yil 8-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, taklif etilgan Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklash to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasini, aholi o‘rtasidagi hurmat-e’tiborini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo‘ldoshevning mazkur taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma’qullanganligi ma’lumot uchun qabul qilindi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta’minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligini e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo‘ldoshevning taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunga to‘liq muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishini tashkil etish tavsiya qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi shu bilan o‘z ishini yakunladi.