O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy viloyatida zamonaviy suzish havzasi foydalanishga topshirildi
2016-08-31 | Sport
Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida zamonaviy yopiq suzish havzasi foydalanishga topshirildi.
Sport maskanining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Navoiy viloyatida 2003-2015-yillarda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 88 sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirilgan. Ushbu obyektlarning aksariyati umumta’lim maktablari qoshida barpo etilgani o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtida o‘zlari qiziqqan sport turi bilan shug‘ullanishi, har tomonlama sog‘lom ulg‘ayishiga xizmat qilayotir.
Mazkur jamg‘arma tomonidan 2 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan sport maskanida barcha sharoit mavjud.
– Tumanimizda yaratilayotgan bunday qulayliklar tufayli yoshlarimiz jismonan sog‘lom ulg‘aymoqda, – deydi Qiziltepa tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori S.Yusupov. – Maktabimizda 1 ming 250 ga yaqin yosh 13 sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Maktabimiz tasarrufida faoliyat boshlagan va 200 qatnovga mo‘ljallangan yopiq suzish havzasi yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi.
Tomdi tumanida ham bolalar va o‘smirlar sport maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi. Qariyb 860 million so‘m mablag‘ evaziga qad rostlagan sport inshootida voleybol, basketbol va gimnastika bilan muntazam shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Manba: O'zA