O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpog‘istonda bir guruh xodimlarga esdalik nishonlari topshirildi
2016-08-31 | Jamiyat
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh xodimlarga “O‘zbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishonlarini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizdagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarda tashabbuskor, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, madaniyat hamda san’atimizni rivojlantirishdek ezgu ishlar bardavomligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz munosabati bilan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarda mustaqillik yillarida erishilayotgan ulkan yutuq va marralar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning samaralari xususida so‘z yuritilmoqda.
Joriy yilda mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonalaridan biri Ustyurt gaz-kimyo majmuasi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorda o‘z xaridorini topmoqda.
– Mustaqillik tufayli Ustyurt dashtida zamonaviy sanoat inshooti – gaz-kimyo majmuasi qad rostladi, – deydi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi sex boshlig‘i Q.Qaypnazarov. – Bunday ulkan bunyodkorlik ishlarida fidokorona mehnati bilan faol qatnashgan bir guruh hamkasblarimiz “O‘zbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Bu e’tirof bizni yanada faol bo‘lish va Vatanimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga undaydi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA