O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Darsliklarning ijara narxlari
2016-08-31 | Ta’lim
2016-2017-o‘quv yilida umumta'lim maktablarini darsliklar bilan ta'minlash ijara tizimiga kiritilgan darsliklar to‘plamiga belgilangan yagona to‘lov miqdori e'lon qilindi.
Ota-onalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2001-yildan boshlab respublikamizda umumta'lim maktablari darsliklariga ijara tizimi joriy qilingan.
Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi miqdori respublika bo‘yicha yagona bo‘lib u O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 28-aprelda 2577-sonli raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Umumta'lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 39-bandiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi Vasiylik kengashi tomonidan sinflar va ta'lim tillari kesimida tasdiqlanadi.
Mazkur nizomning 43-bandiga asosan darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovlari umumta'lim maktabining shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda to‘lanishi mumkin.
Nizomning 51-bandiga asosan darsliklardan foydalanish usulidan qat'i nazar, ular yo'qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, o'quvchining ota-onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar yoxud homiylar yoki o'qituvchilar zararni xuddi shunday darsliklar bilan qoplaydi yoxud uning birlamchi hujjatlarda (hisob-fakturada, yuk xatida) ko'rsatilgan qiymatini quyidagi miqdorlarda to'laydi:
• birinchi sinf o'quvchilarining har bir darsligi uchun — uning bir baravari miqdorida;
• 2 – 4 sinf o'quvchilarining har bir darsligi uchun — uning ikki baravari miqdorida;
• 5 – 9 sinf o'quvchilarining har bir darsligi uchun — uning to'rt baravari miqdorida.
Nizomning 30-bandiga asosan, birinchi sinf o‘quvchilari, “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab va maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari bo‘lgan o‘quvchilar va ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilar umumta'lim maktabi kutubxona jamg'armasi tomonidan darsliklar to'plami bilan bepul ta'minlanadi. Bunda darsliklar to'plami bilan bepul ta'minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi o'quvchilarning ro'yxati 1-sentabrgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qo'mitasining xulosasiga asosan umumta'lim maktabining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Quyida ta'lim O‘ZBEK, TOJIK, QORAQALPOQ, RUS, TURKMAN, QIRG`IZ, QOZOQ tillarida olib boriladigan maktablar uchun darsliklar ijara to‘plamiga belgilangan yagona ijara to‘lov miqdori bilan tanishishingiz mumkin.