O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Angren issiqlik elektr stansiyasida yangi energoblok ishga tushirildi
2016-08-25 | Iqtisodiyot
Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida Angren issiqlik elektr stansiyasida mamlakatimiz energetika tizimiga qo‘shimcha 130-150 megavatt/soat elektr energiyasi yetkazib beradigan energoblok ishga tushirildi.
Prezidentimiz rahnamoligida energetika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar bermoqda. Xususan, elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalaridagiga nisbatan qariyb 10 milliard kilovatt/soatga ko‘paydi. Elektr stansiyalarining quvvati esa 1,9 million kilovatt/soatga ortdi. Bugun mamlakatimiz elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha ichki bozor ehtiyojini qoplash bilan birga, uni eksport qiluvchi davlatlar qatoridan joy oldi.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 15-dekabrdagi “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimiz sanoat kompleksini rivojlantirishning asosiy vazifa va ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Sanoat sohalari, jumladan, energetika tarmog‘ida tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, ishlab chiqarishni keng miqyosda modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, so‘nggi ilm-fan yutuqlari va ilg‘or innovatsion texnologiyalarni tatbiq etishni ko‘zda tutgan mazkur hujjat ijrosi doirasida Angren issiqlik elektr stansiyasida ishga tushirilgan yangi energoblok qisqa muddatda – 32 oyda qurib bitkazildi.
Ayni paytgacha yiliga 600 million kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib bergan Angren issiqlik elektr stansiyasi endi bu ko‘rsatkichni 869,36 million kilovatt/soatga yetkazadi. Olib borilgan islohotlar samarasi faqat elektr quvvatining ortganida emas, balki bu manbani ishlab chiqarishda sarf-xarajatlar miqdorining sezilarli kamayganida ham ko‘rinadi.
– Elektr energetikasi iqtisodiyotimizning yetakchi sohalaridan biridir, – deydi “Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Dilshod Yo‘lchiyev. – Barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanishi, mehnat unumdorligi oshishi va aholi farovonligi yuksalishi ko‘p jihatdan mazkur tarmoq istiqboli bilan ham bog‘liq. “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari hamda Xitoyning “Eksimbank”i uzoq muddatli imtiyozli krediti hisobidan umumiy qiymati 226 million dollar miqdorida moliyalashtirilgan mazkur loyiha tarmoqda amalga oshirilayotgan samarali ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Keyingi yillarda yoqilg‘i-energetika tizimida qattiq yoqilg‘i ulushini oshirishga alohida ahamiyat berilayotganini hisobga olib, ushbu energoblok kullik darajasi yuqori bo‘lgan ko‘mirni yoqishga mo‘ljallangani hamda atrof-muhitga ta’siri nisbatan kamligi bilan ahamiyatlidir.
Yangi innovatsion loyihaning tezkor qurilish ishlarida mingdan ortiq mutaxassis va ishchilar mehnat qildi. Sohada yuqori natijalarga erishayotgan davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida “Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatining 21 xodimi Xitoyda malaka oshirib qaytdi.
– Xitoyning Sichuan va boshqa shaharlaridagi energobloklarda 11 hafta davomida amaliyot o‘tadik, elektr energiyasi ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan qurilmalar, ehtiyot qismlar tayyorlanadigan zavodlar faoliyati bilan tanishdik, – deydi “Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati kapital qurilish bo‘limi yetakchi muhandisi Farrux Turg‘unov. – U yerda orttirgan tajribamizni yoshlarga o‘rgatmoqdamiz.
“Angren” maxsus industrial zonasidagi ishlab chiqarish korxonalarining elektr va issiqlik energiyasi ta’minotini yanada yaxshilashga xizmat qiladigan mazkur loyiha sohada zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Angren issiqlik elektr stansiyasida mehnat qilayotgan mingdan ortiq xodimning asosiy qismi yoshlardir. Joriy yilda yuzga yaqin kasb-hunar kolleji bilan mehnat shartnomalari tuzgan jamiyat yoshlarning aksariyatini yangi o‘rnatilgan texnologiyalarda ishlash uchun jalb qiladi.
Manba: O'zA