O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Energetika tarmog‘i generatsiya quvvatlari bilan boyitilmoqda

2016-08-24 | Iqtisodiyot

Qashqadaryoda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasining quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirildi.

Energetika tarmog‘i generatsiya quvvatlari bilan boyitilmoqda

Mustaqillik yillarida Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, “Muborakneftgaz” unitar sho‘ba korxonasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi kabi zamonaviy sanoat korxonalari barpo etildi. “Hisorneftgaz”, “Ko‘kdumaloqgaz”, “Sho‘rtangazmahsulot” kabi yirik qo‘shma korxonalar tashkil qilindi. 

Prezidentimiz rahnamoligida elektr energiyasini ishlab chiqarish tizimini isloh qilish jarayonida sohaga tashqi investitsiyalarni keng jalb qilish va energetika tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy va iqtisodiy asos yaratildi. Energetika tarmog‘ini izchil rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida mamlakatimiz elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha ichki bozor ehtiyojini qoplash bilan birga, uni eksport qiluvchi davlatlar qatoridan munosib o‘rin oldi. 

Istiqlol yillarida elektr stansiyalarining quvvati 1,9 million kilovatt/soatga oshib, ishlab chiqarish o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalaridagiga nisbatan qariyb 10 milliard kilovatt/soat ko‘paydi. 

Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida 800 megavatt quvvatga ega bo‘lgan energobloklar ishga tushirildi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 478 megavattli zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi, “Toshkent issiqlik elektr markazida kogeneratsion gaz-turbina texnologiyasini joriy qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida quvvati 27 megavattga ega gaz-turbina qurilmasi barpo etildi. Noan’anaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida Sirdaryo va Talimarjon issiqlik elektr stansiyalarida detander-generator qurilmalari o‘rnatildi. 

2004-yil oxirida Talimarjon IESda quvvati 800 MVtli energoblokning ishga tushirilishi mamlakatimiz energetika tizimida mustaqillik yillarida amalga oshirilgan eng yirik loyihalardan biri bo‘ldi. Markaziy Osiyo mintaqasida eng yirik va yagona bo‘lgan ushbu inshoot yurtimizning janubiy viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Elektr stansiyasining aynan Qashqadaryo viloyatida qurilishi bu yerda nafaqat gaz konlari mavjudligi, balki kimyo va neftni qayta ishlash sanoati taraqqiy etgani bilan ham izohlanadi. 

– Jahondagi sanoqli davlatlargina bunday yirik elektr stansiyasiga ega. Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda ham ushbu ulkan inshoot ishga tushirildi, – deydi “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi direktori Abdusami Normo‘minov. – U turdosh korxonalar orasida kam yonilg‘i sarflab, ko‘p energiya ishlab chiqarishi bilan ajralib turadi. Joriy yilning birinchi yarmida korxonamizda 3 milliard 164 million 277 ming kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Hozir oyiga 540 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Mana, endi ikkinchi blok ham elektr energiyasi bera boshladi. Joriy yilning dekabr oyida uchinchi blok ishga tushirilgach, bu ko‘rsatkich 1 milliard kilovatt/soatdan oshadi. 

Davlatimiz rahbarining 2010-yil 14-iyuldagi “Talimarjon IES ni har birining quvvati 450 MVt bo‘lgan 2 ta bug‘-gaz qurilmasi qurish bilan kengaytirish investitsion loyihani amalga oshirishdagi birlamchi chora tadbirlari to‘g‘risida"gi va 2013-yil 7-martdagi qarorlari asosida 2016-yil avgust oyida birinchi, dekabr oyida ikkinchi energobloklarni ishga tushirish belgilangan. Bosh pudratchi Janubiy Koreyaning “Xunday injenering end konstakshn” kompaniyasi tomonidan shu kunga qadar 313,92 million dollarlik texnologik jihozlar yetkazib berildi. 1-BGK ning montaj-sozlash va moslashtirish ishlari nihoyasiga yetdi va elektr energiyasini tizimga uzatishni boshladi. 

Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda "PGU-To‘palang" sho‘ba korxonasining malakali mutaxassislari bilan birga, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya kabi rivojlangan davlatlardan 500 ga yaqin ishchi-mutaxassis ishtirok etmoqda. 

Talimarjon IESda 2 energoblokning ishga tushirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha 7,2 milliard kilovat/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 

Prezidentimizning 2015-yil 4-martdagi “2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “Talimarjon IES da har biri 450 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita qo‘shimcha bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan kengaytirish” loyihasi bo‘yicha qurilishga chet el investitsiyasi kiritilishi rejalashtirilib, dastlabki texnik iqtisodiy asoslar loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, stansiyaning ishlab chiqarish quvvati 2 ming 600 MVt ni tashkil qiladi. Bu yiliga 1 milliard metr kubdan ortiq tabiiy gazni tejab qolish imkonini beradi. 

– Mamlakatimiz yagona energetika tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Talimarjon IES yirik sanoat inshootlari va boshqa iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlab kelayotgan bo‘lsa-da, uning yurtimiz iqtisodiyotida alohida o‘rin tutadigan boshqa jihatlari ham bor, – deydi "Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi" unitar korxonasi investitsiya loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari Olim Yusupov. – Mazkur stansiyaning ishga tushirilishi natijasida mintaqadagi eng yirik iste’molchilar – neft-gaz sanoati korxonalariga shu yerning o‘zida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi yetkazib beriladi. Gaz va elektr energiyasini uzoq masofaga yetkazish bilan bog‘liq xarajatlar va yo‘qotishlarni keskin kamaytirish hisobidan olingan iqtisodiy samara bugungi kunda yuz milliardlab so‘mni tashkil qilmoqda. Qo‘shimcha ikkita blokning ishga tushirilishi esa iqtisodiy samaradorlikning yanada oshishiga xizmat qiladi. 

Bugungi kunda yurtimizning iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholining elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati elektr stansiyalari tomonidan to‘liq ta’minlab berilmoqda. 2015-yilda 55,5 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 27,27 milliard kilovatt/soatdan oshdi. 

Eng ulug‘, aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 25-yillik bayrami arafasida elektr stansiyasida 1-BGK qurilmasi ishga tushirilishi o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘lib, yana ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. 

Manba: O'zA

Поделиться