O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiy taraqqiyotimizning muhim tayanchi
2016-08-19 | Iqtisodiyot
Respublikamizda xususiy mulk, kichik biznes hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, bu yo‘ldagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish maqsadida uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan siyosat samarasida bugungi kunda mazkur soha iqtisodiyotimizning chinakam tayanchiga aylanmoqda.
Darhaqiqat, yurtimizda mustaqillikning ilk yillaridanoq qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli muhofazalash hamda ularni jadal rivojlantirish borasida olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotir. Ayni chog‘da fuqarolarning mulkka bo‘lgan egalik huquqini qonuniy mustahkamlash davlatimiz tomonidan kafolatlangan bo‘lib, Kons-titutsiyamizning 36-moddasida belgilab qo‘yilganidek, har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.
Asosiy Qonunimiz talab va qoidalari barcha sohada, mamlakatimizni isloh etish hamda rivojlantirish yo‘lida mustahkam huquqiy asos bo‘lmoqda. Bunda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun huquqiy baza va zarur sharoitlarning muntazam ravishda takomillashtirib borilgani, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar huquqlari himoyasi samarali ta'minlanayotgani alohida ahamiyatga ega bo‘layapti.
Davlatimiz rahbari shu yilning 22-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida deputatlar hamda senatorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘zlagan nutqida yurtimiz mustaqil taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ygan dastlabki yillar haqida to‘xtalib, bizga eski mustabid tuzumdan bir yoqlama rivojlangan, paxta monopoliyasi avj olgan, asosan, xom ashyo yetkazib berishga moslashgan zaif va nochor iqtisodiyot meros bo‘lib qolganini ta'kidladi.
Bugun esa mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqida xususiy mulkka keng yo‘l ochib berilgani muhim omil bo‘lmoqda. Soha uchun qulay sharoitlar, imtiyozu preferensiyalar yaratish, xususiy mulk hamda mulkdorlar huquqlarini himoyalash bo‘yicha qonun hujjatlari qabul qilingani dolzarb ahamiyatga ega bo‘ldi.
Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofazasi yanada kuchaytirilgani ular faoliyatiga davlat hamda nazorat idoralari tomonidan asossiz aralashuvlarni chekladi. Jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda mulkdor huquqi ustuvorligi tamoyili mustahkamlandi.
Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar tufayli mamlakatimizda makroiqtisodiy mutanosiblik hamda iqtisodiyot o‘sishining barqaror yuqori sur'atlari ta'minlanmoqda. Joriy yilning olti oyida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi
8 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 8 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish 6,8 foiz, chakana tovar aylanmasi 15 foizdan ziyod, pullik xizmatlar hajmi 10,8 foiz o‘sdi. Erishilgan bunday natijalar, avvalo, iqtisodiyotda ijobiy tarkibiy siljishlarga, sifat o‘zgarishlariga va tendensiyalarga, shuningdek, samarali pul-kredit va soliq-byudjet siyosati o‘tkazilishiga, aholining tadbirkorlik bilan keng shug‘ullanishi hamda daromadlari ortishiga xizmat qilmoqda.
E'tiborlisi, keyingi besh yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida mikrofirmalar hamda kichik korxonalarning ishlab chiqarish hajmi ko‘paygani, o‘z navbatida, yagona soliq to‘lovi tushumlarining o‘sishiga olib keldi. Soliq yukining muttasil kamaytirilishi, xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga berilgan bank kreditlari ko‘paytirilishi kichik biznesning jadal rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Bu iqtisodiyotning ko‘pgina sohalari va tarmoqlarini ravnaq toptirishda muhim o‘rin tutdi. Bunday fikrlar joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, muloqotlarda saylovchilar tomonidan bildirilayotgani, ayniqsa, quvonarlidir.
Garchi mulk bo‘yicha dastlabki huquqiy islohotlar 1990-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonun bilan boshlangan bo‘lsa-da, 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinishi hamda unda mulkdorlar huquqlari kafolatlanishi tarixiy voqyea bo‘ldi. Mazkur sohaning huquqiy asoslarini shakllantirish va tizimli ravishda takomillashtirish davlatimizning doimiy e'tiboridadir.
Binobarin, aynan shu maqsadlardan kelib chiqqan holda, 2015-yil 15-mayda Prezidentimiz tomonidan “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonning imzolanishi mazkur sohadagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Ushbu Farmon ijrosi doirasida turli vazirlik hamda davlat idoralari, kichik biznes va tadbirkorlik sohasi vakillari, qolaversa, keng jamoatchilik ishtirokida muhokamalar tashkil etildi. Ularning natijasida Oliy Majlis tomonidan yangi — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yekt-larini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonun asosida amaldagi 33 ta Qonun hamda 10 ta Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu yangiliklar, o‘z mohiyatiga ko‘ra, mamlakatimizda xususiy mulk huquqi himoyasini mustahkamlashga, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini ishonchli muhofaza etish mexanizmlarini yanada kuchaytirishga yo‘naltirilgan.
Umuman aytganda, istiqlol tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, imkoniyatlarini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarishga keng sharoit yaratdi. E'tiborlisi, mazkur masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Zotan, xususiy mulk hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatining daxlsizligi ko‘plab qoidalar bilan mustahkamlab qo‘yilgani “Kim edigu kim bo‘ldik?!” degan hayotiy, ezgu g‘oyaning amaliy ifodasini yaqqol tasdiqlaydi.