O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylov va yoshlar faolligi
2014-12-02 | Jamiyat
O'zbekiston – yoshlar mamlakati. Yurtimiz aholisining 60 foizdan ziyodi navqiron avlod vakillaridir. Bu O'zbekistonda barcha sohalar taraqqiyotida ularning ishtiroki va ta'siri muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularning jahon andozalari darajasida bilim olishi, qiziqqan sohalari bo'yicha kasb-hunar egallashi, turli fan yo'nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borishi, ijodiy-intellektual salohiyatini yuksaltirishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Buning samarasida yuzlab yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalari, san'at va sport musobaqalari, turli festivallarda yuqori natijalarga erishayotgani, jahon miqyosida ilmiy kashfiyotlar qilayotgani o'zbek farzandlarining bilim va tafakkuri, salohiyati dunyo miqyosida tan olinayotganining isbotidir.
Bugun ijtimoiy faol yoshlarimiz Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga daxldorlik hissi bilan yashamoqda. Yigit-qizlarimiz yurtimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlarda faol ishtirok etayotir.
Buni shu yil 21-dekabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo'lib o'tadigan saylovlarga tayyorgarlik jarayonida ham kuzatishimiz mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovchilarni mamlakatimiz saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartishlar, joriy yilgi saylovni tashkil etish va uni o'tkazishga oid jarayonlar bilan tanishtirish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida o'tkazilayotgan davra suhbatlari va anjumanlarda yoshlar faol qatnashmoqda.
Joriy yilgi saylovda ilk bor ishtirok etadigan yoshlar o'z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, mamlakatimiz taraqqiyot yo'li va o'z hayotiy pozitsiyasiga mushtarak saylovoldi platformasini ilgari surgan munosib nomzodlarga ovoz beradi.
O'zbekistonda istiqlol yillarida eng yuksak demokratik talablar va umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, har kimning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqini ta'minlaydigan saylov tizimi yaratildi.
Saylovga yuksak saviyada tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish, fuqarolar, jumladan, yoshlarning saylov huquqlarini to'liq amalga oshirishi uchun shart-sharoit yaratish borasidagi qonunchilik izchil takomillashtirib borilmoqda.
Bu yilgi saylovda xotin-qizlar va yoshlarning faol ishtirok etishiga alohida e'tibor qaratilayotir. O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida o'tkazilayotgan "Yoshlar va saylov – 2014" loyihasi doirasida yigit-qizlar milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov jarayonining ochiqlik va oshkoralik prinsiplarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar mazmun-mohiyati bilan atroflicha tanishtirilayotir. "Vatan kelajagi sening qo'lingda!" shiori ostidagi tanlov va tadbirlar, "Yuragingdan ovoz ber!", "Sening ovozing hal qiluvchi ahamiyatga ega!", "Birinchi marta ovoz beraman!", "Fuqarolik pozitsiyangni namoyon et!" mavzularidagi videoroliklar, banner va bukletlar targ'iboti yoshlarning saylov to'g'risida xabardorligini oshirishga turtki bo'layotir.
Markaziy saylov komissiyasi, joylardagi okrug saylov komissiyalari tomonidan milliy saylov qonunchiligi hamda 2014-yilda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha tadbirlar dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan barcha ishlar yosh saylovchilarning o'z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilmoqda.
– Konstitutsiya bayrami va bo'lajak saylovlar arafasida turibmiz, – deydi O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Hamida Usmonova. – Shu bois universitetimizda Bosh qomusimizning hayotimizdagi o'rni, mamlakatimizda ko'ppartiyaviylik asosida o'tkazilayotgan saylovlarning mohiyati, ularda yoshlarning ishtirokiga bag'ishlangan tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu yil ilk bor saylovda ovoz beraman. Bu men uchun ham hayajonli, ham mas'uliyatli vazifa. Zero, fuqarolik burchimni ado etishim mamlakatimiz taraqqiyoti, hayotimiz farovonligiga o'z hissamni qo'shishning yana bir imkoniyatidir.
– "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining "Men saylovga tayyorman" onlayn tanlovida ishtirok etmoqdaman, – deydi Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 36-umumta'lim maktabi o'qituvchisi Umid Omonov. – E'lon qilinayotgan savollarga onlayn tarzda javob berish orqali mamlakatimiz saylov tizimi va qonunchiligiga doir bilimimni oshirib boryapman. Ular bo'lajak saylovda birinchi bor qatnashishimga qaramay, faol bo'lishimga yordam beradi.
– Universitetimizda tashkil etilayotgan "Yosh saylovchilar kunlari" axborot aksiyalarida mamlakatimiz parlamenti va davlat hokimiyati vakillik organlariga bo'lajak saylovni o'tkazish tartibi, Konstitutsiyamiz va saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o'zgartishlar bilan tanishib borayapmiz, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti talabasi Yulduz Zoirova. – Bu mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim tadbirda yanada faol bo'lishga undaydi. Saylovda milliy qadriyatlarimizni tiklash, fan, ta'lim, madaniyat, san'at va sportni yanada rivojlantirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishni ko'zlagan saylovoldi platformasi uchun ovoz bermoqchiman. Zotan, o'zim uchun munosib deb topgan nomzodga ovoz berishim hayotda oldimga qo'ygan maqsadlarim, orzu-istaklarimning ro'yobi tomon qo'yilgan yana bir muhim qadam bo'ladi.
– Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, soha vakillari manfaatlarini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotir, – deydi navoiylik yosh tadbirkor Azizbek Asqarov. – Mazkur sohada yaratilgan huquqiy baza tadbirkorlar erkinligining qonuniy kafolati bo'lib xizmat qilmoqda. Bu jarayonda yosh tadbirkorlarni huquqiy himoya qilish maqsadida berilgan imtiyoz va preferensiyalarning ahamiyati katta bo'layotir. Men ham ko'plab yoshlar qatori ana shunday qulay sharoitlardan unumli foydalanishga intilyapman. Kichik korxonamizda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Kelajagimiz mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishi va xalqimiz farovonligining yuksalishi bilan chambarchas bog'liq. Shu bois joriy yilgi saylovda iqtisodiyot sohasida kechayotgan samarali islohotlarning mantiqiy davomi o'z ifodasini topgan saylovoldi platformasi uchun ovoz bermoqchiman.
– "Men saylovga tayyorman!" shiori ostidagi rasmlar tanlovida ishtirok etmoqdaman, – deydi yosh rassom Oloviddin Sobirov. – Tanlovga taqdim etgan ijodiy ishlarimda istiqlol yillarida yoshlarni har tomonlama kamol toptirish, ularni jismonan va ma'nan barkamol insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyotining huquqiy kafolati", "Bugungi o'quvchi – ertaga saylovchi" kabi shiorlarning ma'no-mazmunini aks ettirishga harakat qilganman. Yurtimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyalashuvini ta'minlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, kadrlar tayyorlash borasida o'zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yaxlit ta'lim tizimi shakllantirilgan. Kelajakda bu soha jahon tajribasida o'z isbotini topgan ilg'or yutuqlar bilan yanada boyib borishi, shubhasiz. Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga bo'lajak saylovda men ovoz beradigan nomzod bu boradagi islohotlar va qonunchilikni yanada takomillashtirishga hissa qo'shishiga ishonaman.
Ha, ertamiz egalarining tanlagan hayot yo'lida sobitqadamligi, ezgu maqsadi tomon intiluvchanligi ularning bo'lajak saylovda faol ishtirokida ham aks etadi. Bu O'zbekiston yoshlarining fikri teran, azmi qat'iy, huquqiy bilimi, siyosiy madaniyati va faolligi yanada yuksalib borayotganidan dalolatdir.