O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Niderlandiya delegatsiyasi bilan uchrashuv
2015-12-23 | Siyosat
2015-yilning 23-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Niderlandiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining Yevropa departamenti direktori Dafne Bergsma boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ilgariroq Niderlandiya tomoni O‘zbekiston Oliy Majlisining Senati va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida muzokaralar o‘tkazdi. Ushbu muzokaralar davomida parlamentlararo aloqalarning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollari, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishning ustuvor masalalari, jumladan mamlakatimiz iqtisodiyotiga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish va yuqori texnologiyalar asosida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Tashqi ishlar vazirligidagi O‘zbekiston-Niderlandiya siyosiy maslahatlashuvlarining birinchi raundi doirasida turli sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan ikki tomon kun tartibining dolzarb masalalari batafsil muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.