O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2023-09-06 | Siyosat
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Minskda Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi munosabatlar har tomonlama mustahkamlayotgani, mamlakat rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar oʻzaro ishonch va doʻstona muhitda rivojlanayotganligi qayd etildi.
Muntazamlik kasb etgan oʻzaro uchrashuv va tadbirlar parlamentlararo muloqotni samarali tashkil etish, oliy darajada erishilgan iqtisodiyot, savdo va sanoat sohalaridagi kelishuvlar ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash imkonini bermoqda. Ushbu jarayonda ikki davlat parlamentlari yuqori palatalarida tuzilgan parlamentlararo doʻstlik guruhlari muhim oʻrin tutadi.
Tomonlar ikki davlat parlament vakillari MDH Parlamentlararo Assambleyasi va Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro parlament tashkilotlari doirasida ham faol hamkorlik qilishayotganiga urgʻu berishdi.
Qonun ijodkorligi, gender va yoshlar siyosati sohasida oʻzaro tajriba almashish, hududlar forumini oʻtkazish orqali mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirish, shuningdek, hududlarni raqamli rivojlantirish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Ikki davlat oʻrtasida turli sohalarda erishilgan kelishuvlarni parlamentlar faoliyati doirasida huquqiy jihatdan taʼminlashga kelishib olindi.
Oliy Majlis Senati va Milliy majlis Respublika Kengashi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumning imzolanishi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga umid bildirildi.
Boʻlajak forum ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga, mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha yangi takliflarni muhokama qilish va ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylanishiga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, forumning yakuniy hujjati (deklaratsiya) ikki mamlakat tadbirkor ayollari ishtirokida yangi qoʻshma biznes loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
Shundan soʻng ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Tomonlar Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi, Belarus Respublikasi Milliy majlisi huzuridagi Yoshlar kengashi (parlamenti) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi hamda “Belarus ayollar ittifoqi” respublika jamoat birlashmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumlarni imzoladilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati