O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash vazirligida joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi.
2023-08-08 | Sog‘liqni saqlash
Yig‘ilishni sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov olib bordi.

Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tayotgan yig‘ilishda dastlab tibbiyotning birlamchi tizimidagi islohotlar natijadorligi tahlil qilindi. Sog‘liqni saqlash vaziri ta’kidlaganidek, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturi doirasida mazkur sohani aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida 110 ta oilaviy shifokorlik punkti, 30 ta oilaviy poliklinika va 520 ta mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish belgilangan.
Biroq o‘tgan davrda Toshkent viloyatida rejadagi 10 ta, Qashqadaryoda 9 ta, Sirdaryoda 5 ta oilaviy shifokor punktidan birortasi tashkil etilmagan. Xuddi shunday, oilaviy yangi poliklinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.
Yig‘ilishda birlamchi tizimni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika va mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish bo‘yicha davlat rahbari topshiriqlarini bajarishda yo‘l qo‘ygan sustkashligi uchun bir qator mas’ullarga "hayfsan" intizomiy jazo choralarini qo‘llash belgilandi.
Yig‘ilishda skrining dasturlarini amalga oshirish holati ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, joriy yilning 6 oyida 2-10 yoshli 4,9 mln. nafar bolaning 3,1 mln. nafari gelmintozni aniqlash bo‘yicha skriningdan o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 139 mingtasida kasallik aniqlangan, sog‘lomlashtirish tadbirlari olib borilgan.
Biroq reja ijrosi Navoiy, Farg‘ona, Toshkent, Samarqand viloyatlarida respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan pastligi ko‘rsatib o‘tildi. 3-18 yoshli bolalarning 4,5 mln. nafari onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida ommaviy va selektiv skriningdan o‘tkazilib, ularning 418 nafarida kasallik aniqlangan.
Shuningdek, 35-55 yoshdagi 1,2 mln. nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni, 45-65 yoshdagi 1 mln. nafar ayol ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash bo‘yicha skriningdan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davolash ishlari olib borilgan. Qolaversa, 40 va undan katta yoshdagi 5,2 mln. nafar aholi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavf omillarini aniqlash maqsadida skriningdan o‘tkazilib, ularning 395 ming nafarida kasallik aniqlangani qayd etildi.
Shu bilan birga, vazir olib borilgan o‘rganishlar davomida hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan profilaktik ko‘riklar va skrining dasturlarini amalga oshirish mexanizmi joylarda tibbiyot xodimlariga to‘liq tushuntirib berilmagani va jarayon tizimli nazoratga olinmagani sababli tarmoq rejalari noto‘g‘ri tuzilgani, ularning ijrosi talab darajasida bajarilmaganini tanqid qildi.
Shundan kelib chiqib, davolash-profilaktika ishlarini talab darajasida tashkil etmagani, tibbiyot brigadalari faoliyatini tashkillashtirishda nazoratni susaytirgani, aholi reproduktiv salomatligi ko‘rsatkichlarining yomonlashgani uchun yig‘ilishda Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Yusupov hamda Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A.Arabov, Uchko‘prik tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B.Oripov va O‘zbekiston tibbiyot birlashmasi boshlig‘i X.Qurbonov, Xiva tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Jumaniyozova, Hazorasp tuman tibbiyot birlashmasi rahbari o‘rinbosari A.Ibodullayev, Xorazm viloyati Tez tibbiy yordam markazi direktori U.Matyakubov, RSHTIYOM Xorazm filiali direktori o‘rinbosarlari B.Yusupova va B.Masharipovlar egallab turgan vazifasidan ozod etildi.
Yig‘ilishda “Qishloq shifokori” dasturi ijrosi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Bu dasturni bajarishda yo‘l qo‘ygan sustkashligi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax, Xorazm, Toshkent viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlariga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Hay’at yig‘ilishida tez tibbiy yordam xizmatidagi mavjud muammolar ham atroflicha muhokama qilindi. Tahlillar asnosida Prezidentimiz qarorida belgilangan vazifalar ijrosi
doirasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, bu borada yetarli choralar ko‘rmagani uchun Respublika tez tibbiy yordam markazi Samarqand viloyati filiali rahbari D.Tog‘ayev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Shuningdek, Respublika tez tibbiy yordam markazi rahbari A.Gafurovga "hayfsan" intizomiy chorasi qo‘llanildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda davom etayotgan yig‘ilishda joriy yilning birinchi yarmida sog‘liqni saqlash tashkilotlariga kelib tushgan murojaatlar ijrosi tahlil qilindi.
– Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bizning amalga oshirgan ishlarimizga aholi baho beradi, – dedi vazir. – Xalqimizning bahosi esa tibbiyot tizimiga bo‘layotgan murojaatlarda o‘z aksini topmoqda. Ular biz uchun ko‘zgudir.
Qayd etilganidek, Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2023-yilning 6 oyi davomida jami 39 ming 376 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 5 mingtaga yoki 12 foizga kamaygan. Shunga qaramay, hududlar kesimida aholi murojaatlari bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar aniqlandi. Ularga ham hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Manba: O'zA