O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘ona shahar, “Mashʼal” MFY, Sayilgoh ko‘chasi, 24-uy manzilida joylashgan binoning yerto‘lasida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha
2023-08-03 | Hujjatlar
HUKUMAT KOMISSIYASINING DASTLABKI XULOSASI
Hukumat komissiyasi tomonidan joriy yil 29-iyul kuni Farg‘ona shahar, “Mashʼal” MFY, Sayilgoh ko‘chasi, 24-uy manzilida joylashgan binoning yerto‘lasida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisaning texnik va tashkiliy sabablari voqea joyiga chiqqan holda atroflicha o‘rganib chiqildi.
Hukumat komissiyasi tomonidan dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, voqea joyida quyidagilar aniqlandi:
- yerto‘ladagi xonada joylashgan ventilyatorning elektr qismida yuzaga kelgan nosozlik tufayli yong‘in kelib chiqib, undan ajralib chiqqan zaharli tutun havo oqimi orqali boshqa xonalarga ham tarqalgan. Natijada 6 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, 7 nafar fuqaro og‘ir va o‘rta darajada zaharlanish va kuyish tashxisi bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Bugungi kunda 5 nafar fuqaroning sog‘lig‘i tiklanib, uyga ruxsat berilgan;
- bino yong‘in xavfsizligi bo‘yicha texnik reglament va qoidalarga javob bermaydi. Jumladan:
yong‘in sodir bo‘lgan yerto‘lada asosiy va zaxira chiqish eshiklari mavjud bo‘lsa-da, mazkur zaxira eshiklari yopib tashlangan;
binoning yerto‘la qismi ruxsatnoma olmasdan, shaharsozlik qoidalariga zid ravishda, o‘zboshimchalik bilan yengil konstruksiyali devorlar orqali alohida xonalarga bo‘lingan;
yerto‘la xonalarida havo aylanish tizimi va tabiiy yoritish imkoniyati mavjud emas;
binoning devor va shift qismlarini pardozlashda tez yonuvchan va katta miqdorda tutun hosil qiluvchi hamda o‘zidan toksik gazlar chiqaruvchi materiallardan foydalanilgan;
obʼektda elektr simlarini tortish ishlari yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda amalga oshirilgan, shuningdek, obʼekt sanitariya normalariga ham umuman javob bermaydi;
obʼekt qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini olib borgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq xavfliligi bo‘yicha uchinchi guruhga kiruvchi bino ko‘pi bilan uch yilda bir marta yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvdan o‘tkazilishi belgilanganligi bois, obʼektning (2021-yil 1-aprelda ishga tushirilgan) yong‘inga qarshi holati ko‘rikdan o‘tkazilmagan.
O‘rganish jarayonida insonlarning hayoti va sog‘lig‘ini asrash, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish maqsadida yong‘in profilaktikasini barvaqt tashkil etish hamda aholining ogohligini oshirish borasida bir qator jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozim hisoblanadi:
- aholi va tadbirkorlarning yong‘in xavfsizligi borasidagi ogohligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida aholi ko‘p to‘planadigan obʼyektlarda (bozorlar, savdo-ko‘ngilochar majmualar va umumiy ovqatlanish korxonalari kabi) tizimli ravishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha profilaktika tadbirlarini o‘tkazib borish;
- davlat yong‘in nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan qurilish va rekonstruksiya ishlari tugallangan obʼektllarni foydalanish uchun qabul qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
- yong‘inlar va boshqa baxtsiz hodisalar oqibatida yetkazilgan zararni qoplashning samarali mexanizmlarini (masalan, sug‘urtalash orqali va h.k.) joriy etish;
- yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha taʼsirchan choralarni ko‘rish hamda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini asrash maqsadida davlat yong‘in nazorati organlari vakolatlari va javobgarligini kuchaytirish;
- yong‘in xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish.
Bugungi kunda Hukumat komissiyasi tomonidan ushbu baxtsiz hodisaning sabablarini aniqlash va uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.