O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afsonaviy "Yalla" - 50 yoshda!
2023-07-03 | Madaniyat
Ularni dunyo taniydi. Ijrosini maftun bo‘lib, jo‘rlikda tinglaydi... O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Yalla" ansamblining ijodiy jamoasini mukofotlash to‘g‘risidagi Farmoni millionlab musiqa muxlislari uchun quvonchli xushxabar bo‘lgani aniq.

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Madaniyat saroyida "Yalla" ansambli tashkil etilganiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan tantanali musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbarining "Yalla" ansamblining ijodiy jamoasini mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonini o‘qib eshittirdi.
Unga ko‘ra, yorqin iste’dodi, yuksak professional mahorati, ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati bilan o‘zbek estrada san’atini rivojlantirish, uning shon-shuhratini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishdagi xizmatlari uchun "Yalla" ansamblining badiiy rahbari, ustoz san’atkor Farrux Zokirov «El-yurt hurmati» ordeni bilan, mazkur ansambl sozandalari Abbos Aliyev, Javlon Toxtayev, Timur Xalikov, ansambl direktori Igor Xalikov "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlandi.
Tantanali tadbirda "Yalla" ansambli milliy va zamonaviy jahon musiqa san’atini o‘zida mujassam etgani, ehtimolki, bugungi kunda millionlab muxlislarining qalbidan mustahkam o‘rin olganini ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bundan yarim asr muqaddam tashkil etilgan "Yalla" ansambli o‘zining betakror ijrosi, teran o‘zbekona ma’naviyati, xalqimizga, milliyligimizga, sahnaga, muxlislarga muhabbati va sadoqati sababli yillar osha yuksak darajada ijod qilib kelmoqda. Dunyoni aylanib chiqqan mashhur "Yalla" ansambli ko‘p yillardirki, O‘zbekistonning san’at yo‘nalishidagi brendi, uning o‘ziga xos musiqiy tashrif qog‘oziga aylanib ketgan.
Biz har qancha jahon musiqa yulduzlarining qo‘shiqlarini tinglamaylik, ularni olqishlamaylik, baribir ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning betakror ovozi, sahna madaniyati biz uchun g‘oyat qadrli va o‘ziga xosdir. Bugun san’atda o‘z yo‘lini qidirib yurgan yuzlab ijrochilar uchun Farrux Zokirov va "Yalla" ansambli chin ma’noda ibrat manbaidir.
- Bunday kunlarni necha yillab kutdik, - dedi taniqli xonanda, ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti, "El-yurt hurmati" ordeni sohibi Farrux Zokirov. - Ushbu san’at koshonasining jahon andozalari darajasida qayta tiklanishi madaniy hayotimizdagi unutilmas voqelikdir. Bu san’at maskani biz uchun ham g‘oyat mo‘’tabardir. Negaki, uzoq yillar avval muxlislar bizni shu maskanda tanidi, olqishladi. Muhtaram Prezidentimiz timsolida ma’naviyat, madaniyat, milliy san’atimizning haqiqiy jonkuyari, fidoyisini ko‘ramiz.
Xalqimizning sevimli ijodiy jamoasining 50 yilligiga bag‘ishlangan tantanali musiqiy kecha rasmiyatchiliklardan yiroq, g‘oyat samimiy, ijodiy, fayzli ruhda o‘tdi. "Yalla" ansambli ham, muxlislarining o‘zi ham allaqachon shunday jo‘shqin musiqiy oqshomlarni sog‘inib qolgani yaqqol ko‘zga tashlandi. "Musiqiy choyxona" , "Eslab-eslab", "Majnuntol", "Mahbubamning yuzlari", "Layli", "Uchquduq" va yana ko‘plab qo‘shiqlarni xalqimizning suyukli ansambli tomoshabinlar bilan jo‘rovozlikda kuyladi. Jo‘shqin raqslar, olqishlar avjiga chiqdi. Zero, bu kabi qo‘shiqlar milliy estrada san’atimizda allaqachon shlyager qo‘shiqlarga aylanib ketgani bilan birga estrada san’atimizning durdonalari hamdir. Albatta, kechada muxlislarga tuhfa etilgan - "Sen ham mendan rozi bo‘l, Vatan!" kabi yangi qo‘shiqlar tinglovchilar qalbini hayajonga solgani aniq!
Kechada "Yalla" ansambli tashkil etilishida ijod qilgan san’atkorlar, bu jamoaning chin jonkuyari, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirovning zahmatli mehnatlari alohida e’tirof etildi.
Afsonaviy "Yalla" ansambliga bo‘lgan bunday yuksak e’tibor mamlakatimizda madaniyat, san’at, ma’naviyat masalalari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligida ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Manba: O'zA