O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mehr-oqibat va xursandchilik ayyomi
2023-06-28 | Jamiyat
Bismillahir Rohmanir Rohim. Jonajon xalqimizni mehr-oqibat va xursandchilik ayyomi boʻlgan Qurbon hayiti bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va oʻz nomimdan chin qalbdan samimiy muborakbod etaman.
Alloh taolo bu qutlugʻ kunlarni butun islom olami, xususan, yurtimiz uchun barakotli qilsin. Bunday bayramlarni tinchlik-omonlikda, sihat-salomatlikda nishonlashni Oʻzi nasib etsin.
Shunday damlarda Haq taologa shukronalar aytib, diyorimizga qut-baraka, xalqimizga farovonlik, farzandlarimizga barkamollik soʻraymiz.
Alloh taolo islom dini ila bandalarini siylab, mukarram etar ekan, ular uchun eng ulugʻ boʻlgan kunlarni bayram qilib berdi. Moʻtabar manbalarda ushbu saodatli onlarda xursandchilik qilish haqida koʻp tavsiyalar kelgan. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisi sharifda Hazrat Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kunini bayram qilishga amr qilindim. Uni Alloh bu ummat uchun xos bayram qilib berdi”, dedilar.
Qurbon hayiti kunida xursandchilik qilishga Parvardigori olamning Oʻzi amr qilmoqda. Bu ulugʻ kunni biz ummatlarga xos bayram qilib bergani uning ulkan ahamiyatidan darakdir.
Hijriy zulhijja oyining 10-kunida Qurbon hayiti nishonlanadi.
Imom Nisoburiy taʼbiri bilan aytganda, Alloh taolo ushbu kunlarni nechogʻli sharafli va ulugʻ qilgan ekanki, unda ikki dunyo manfaati mujassam boʻlgan.
Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda esa: “Alloh uchun ibodat qilishga zulhijjaning oʻn kunidan sevimliroq kunlar yoʻq ekani, uning har kunlik roʻzasi bir yillik roʻzaga, har tundagi ibodat Laylatul qadrdagi ibodatga teng”, ekani alohida taʼkidlangan.
Allohga shukrki, oxirgi yillarda barcha sohalar qatori diniy jabhada ham misli koʻrilmagan yangilanishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, Fatvo markazi tashkil qilindi va masjid-madrasalar ochildi. Shuningdek, Qurʼon kurslari taʼsis etildi, qadamjolar obod boʻldi, qolaversa, haj-umra qiluvchilar soni keskin oshdi. Bularning barcha-barchasi boshlangan islohotlarning yaqqol natijasidir.
Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom dini mohiyatini toʻgʻri tushuntirish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, diniy taʼlim sifatini yanada oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Alloh nasib etsa, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ham magistratura va doktorantura yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Yurtimizda yetuk ulamolar ishtirokida har ikki yilda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkaziladi.
Dunyodagi nufuzli islom tashkilotlari aʼzosi boʻlayotgan ulamolar safi ham kengayib bormoqda. Bu diniy-maʼrifiy islohotlarning xalqaro eʼtirofi, xalqimizning islom dini rivojiga qoʻshayotgan hissasiga berilgan yuksak bahodir.
Quvonch bilan aytishimiz kerakki, ayni kunlarda yurtimiz tarixida ilk marta 15 ming nafar hojilarimiz Makkai mukarrama, Arafot va Mino kabi muqaddas joylarda jonajon xalqimiz haqqiga xayrli duolar qilmoqdalar. Mana shunday duolar sharofati bilan yurtimiz yanada ravnaq topaveradi. Men bunga qatʼiy ishonaman.
Hayit bayramlari qadimdan oʻlkamizda xalqimizga xos mehr-muruvvat va saxovat ifodasi boʻlib kelgan. Bu haqda Alloh taolo kalomida shunday bayon qiladi: “...kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulugʻ deb bilsa, bas, albatta, bu dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).
Shuningdek, bu muborak kunlar dinimizning ulugʻ shiorlaridan hisoblanadi. Ulugʻ allomalarimiz “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, ekanini zikr qilganlar. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan koʻra koʻproq namoyon qilishimiz lozim.
Ushbu ayyom kunlari qilinadigan afzal amallar haqida gap ketganda, bu kunlarda eng ulugʻ ibodat, shubhasiz, Qurbonlik qilishdir. Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonliklaringizni kattaroq qilinglar, chunki ular Sirot koʻprigida sizlarga ulov boʻladi”, — deb marhamat qiladilar.
Qurbonlik ibodat boʻlishi bilan birga, uning ijtimoiy ahamiyati ham beqiyos. Unda qilinadigan qurbonliklar jamiyatda kishilar oʻrtasida insoniy fazilatlarning rivoj topishiga xizmat qiluvchi vositadir. Chunki qurbonlik goʻshtidan va taomidan ehson qilish qalblarni yumshatib, mehr-muhabbat rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
Tongda moʻmin-musulmonlarimiz diyorimizdagi jome masjidlarda hayit namozini ado etadilar. Hayit ayyomida ota-ona, ahli oila, yoru doʻstlar va bemorlarni ziyorat qilib, koʻngillarini koʻtaradilar. Farzandu arjumandlar va mehrga tashna kishilarga hadyalar berib, shodlik ulashadilar.
Allohning rahmati yogʻilib turgan ushbu fazilatli kunlarda qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Ona-Vatanimiz tinch-osoyishta, xonadonlarimiz fayzu barakali va farzandlarimiz baxtu saodatli boʻlsin!
Haq taolo keksalarimizga uzoq umr, yoshlarimizga ilmu maʼrifat va bemorlarimizga shifoi komil bersin!
Aziz yurtdoshlar, Qurbon hayitingiz muborak boʻlsin!
Shayx Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: «Yangi O"zbekiston»