O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “GeoTech – 2023” III xalqaro ilmiy konferensiyasi boʻlib oʻtadi
2023-06-16 | Jamiyat
Shu yilning 16-17-iyun kunlari oʻtkaziladigan konferensiyaga Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti mezbonlik qilib, anjuman “Geotexnologiya, konchilik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” mavzusiga bagʻishlanadi.
Konferensiya Fransiyaning ilmiy adabiyotlar nashriyoti hamda “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ hamkorligida boʻlib oʻtmoqda.
Universitetda ilk bor tashkil etilayotgan nufuzli “GeoTech – 2023” xalqaro konferensiyasiga mahalliy olimlar bilan birgalikda Turkiya, Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Yaponiya, Janubiy Koreya mamlakatlarining olimlari tomonidan geotexnologiya, geoekologiya, geokimyo, mineral xom ashyoni boyitish, kimyoviy qayta ishlash, metallurgiya, kon-metallurgiyada energetika, kon mashinasozligi, geoelektromexanika kabi 9 ta shoʻbalar boʻyicha 150 ga yaqin maqolalar kelib tushgan.
— Konferensiyadan koʻzlangan maqsad kon-metallurgiya sanoatida konlarni oʻzlashtirishda texnik ishlanmalar va energiya samaradorligini joriy etish boʻyicha ilmiy-tadqiqotlarni muhokama qilish, innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha dalillarga asoslangan xulosa va tavsiyalar taqdim qilishdan iborat,—deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori, texnika fanlari doktori Baxtiyor Mardonov. – Shu mezon asosida saralangan ilmiy ishlanmalar nashrga tavsiya etiladi. Albatta, ularning har biri qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlishi kutilmoqda.
Taʼkidlash joiz, mazkur konferensiya texnologik jihatdan ulkan loyihalarni amalga oshirayotgan “NKMK” AJ hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti olimlari faoliyatining dunyo konchilik sanoatiga integratsiyalashuvini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
Manba: «Xalq So'zi»