O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi multimodal transport koridorini yaratish masalasi muhokama etilmoqda
2023-06-15 | Iqtisodiyot
Belarus Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksey Lyaxnovich boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif kun tartibiga muvofiq Transport vazirligida xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha O‘zbekiston – Belarus qo‘shma komissiyasi majlisi o‘z ishini boshladi.
Qo‘shma komissiya majlisida tomonlar transport logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishmoqda. Xususan, avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida milliy tashuvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, xorijiy ruxsatnoma blankalarini o‘zaro almashish kvotasini ko‘paytirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, tomonlar “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” yangi multimodal transport koridorini shakllantirish (yaratish) bilan bog‘liq masalalarni muhokama etishmoqda.
Manba: O‘zbеkistоn Respublikasi trаnspоrt vazirligi