O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bugunni ertaga topib boʻlmaydi

2023-06-08 | Yoshlar

Shu kunlarda mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” boʻlib oʻtmoqda. Ushbu tadbir davomida turli sohalarda tanlovlar, festivallar, intellektual oʻyinlar, sport musobaqalari tashkil etiladi.

Quyidagi maqolada maktabni bitirayotgan yoshlar, ularning bugungi hayoti, oʻy va tashvishlari haqida mulohazalar yuritilgan.

***

Mening yosh zamondoshim!

Baxtingiz shundaki, orzu-umidlar roʻyobiga eltuvchi barcha imkon qoʻlingizda, chunki endigina balogʻat ostonasidan hatladingiz. Bir faylasuf aytganidek, kechagina xalq uchun nondan soʻng eng muhimi boʻlgan maktab ostonasiga kirib kelgan edingiz. Qarang, umringizning eng haroratli oʻn bir yilining joʻshqin damlari kechgan qutlugʻ ostona ham bugun tarixga aylanib turibdi. Endi istasangiz ham bu maskanda biror lahza boʻlsa-da, oʻquvchi sifatida saboq ololmaysiz. Ha, shuning uchun ham umrning har lahzasi aziz, undan haqingni olib qololmasang, pushaymon boʻlasan, degan ulugʻlar.

Bugun shu qutlugʻ maskanni bitirib, katta hayot chorrahasida turibsiz. Avval boshda oila, keyin qisman bogʻcha, maktabdagi tarbiya va bilimni oʻzingizniki qilib olgan boʻlsangiz, shuncha yillik umringizni behuda oʻtkazmaganingiz uchun ota-onangizdan ham, ustozlaringizdan ham, hatto oʻzingizdan ham butun umr minnatdor boʻlasiz hali. Oʻquvchilik davringizdan oʻz haqingizni olganingiz uchun tashakkur, barakalla! Ishonamizki, intilishingiz ortidan mustaqil hayotga mardona kirib borasiz va unda ham barchaning ishonchini oqlashingizga umidvormiz.

Sizday umidbaxsh yoshlarimiz borligiga shukronalar aytamiz. Boisi, siz tufayli u yoki bu sohaga yetuk mutaxassislar, kasb-hunar egalari keladi, yurtimizning ertasi chindan-da bilimdon, intiluvchan mutaxassis, qiziqqan kasb-korini egallagan, innovatsion fikrlay oladigan ishonchli qoʻllarga oʻtadi.

Mening yosh zamondoshim!

Siz insoniyat olamida aljabrni, tibbiyotni, falakiyotni, islom taʼlimotini, fiqhni kashf etgan – Markaziy Osiyoda ilm-maʼrifat bobida birinchi Renessans mashʼalini yoqqan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy, ikkinchi Uygʻonish davrini boshlab bergan Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi buyuk allomalar avlodi ekaningiz qalbingizda gʻurur uygʻotishi barobarida ulkan masʼuliyat yuklashini ham his qila oladigan yoshdasiz endi. Yurtimizning umidli ertasi chorrahada turgan siz, yoshlarning ayni oʻzingiz orzulagan, tanlagan munosib yoʻlga qadam tashlashingizga bogʻliqdir.

Qishloqlarga-da qadimiy va hozir ham ehtiyoj katta boʻlgan hunarmandlik turi – atlas va adras, gilam toʻqish dastgohlarini olib kirgan, nafaqat Fargʻona, balki vohadagi qiziquvchilarga ham kosiblik sirlarini oʻrgatish imkoniyatini yaratib bergan Ibrohimjon Sultonovga kimning havasi kelmaydi! Vodiyu vohada minglab ish oʻrinlari yaratgan Ibrohimjon bugun Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati aʼzosi! “Tashabbus” koʻrik-tanlovining “Eng yaxshi hunarmand” yoʻnalishida mutlaq gʻolib boʻlib, bosh sovrinni qoʻlga kiritganidan bir necha minglab hunarmand, tumanimiz ahli ham xursand boʻlgani tayin. Mehnati, aqlu zakovati, intilishi bilan oddiy bir hunarmand erishishi mumkin boʻlgan natija shunchalar boʻlar!

Aytmoqchimanki, balogʻat ostonasidan oʻtgan har bir inson egallagan kasb-kori, mutaxassisligi, tutgan hayotiy pozitsiyasi bilan taraqqiyotga munosib hissa qoʻsha olsin!

Mening yosh zamondoshim!

Oʻqishingiz oʻrtamiyona boʻlsa-da, shu davrda u yoki bu hunarni oʻrgangan boʻlsangiz, ishonavering, hech qachon dogʻda qolmaysiz. Hunar bitmas-tuganmas xazina, uning kaliti mehnatda va yana sabrda ekanini anglab olganingizga shubha yoʻq. Sizni kasb-hunar yoʻliga yetaklagan ustozingiz, ota-onangiz kam boʻlmasin. Bu bilan oʻzingiz, ota-onangiz, demakki, jamiyatimiz kelajagiga umid nihollarini ekibsiz. Hali bu nihollar shunday mevalar beradiki, undan bahramand boʻlganlar “otangga, ustozingga rahmat!” deganida izlanish yoʻlida chekkan zahmatlaringiz unut boʻladi. Bu xulosa shunchaki gap emas, kuzatishlarda isbotlangan haqiqatdir.

Hayot chorrahasida turgan yosh doʻstim!

Sezyapsizmi, daqiqalar, soatlar, kunlar, oylar shitob bilan oʻtib boryapti. Ulardan ulushingizni olib qolmasangiz, boy bergan fursatlaringiz sizni aslo kechirmaydi.

Samarqandga qilgan safarimizda publitsist, yozuvchi va shoir Farmon Toshev taqdim etgan “Tafakkur manzaralari” kitobchasidagi “Isteʼdodsiz bola yoʻq, eʼtiborsiz ota-onalar bor” hikmati hayot haqiqatini kaft ustiga qoʻyib qoʻyibdi. Allohning ulugʻ neʼmati va rahmati boʻlgan farzandimizning bilimli yoki bilimsiz boʻlib qolishi koʻp jihatdan biz, kattalarning ularga munosabatimizga bogʻliq. Oʻsib kelayotgan farzandining yurish-turishi, bilim olishi, tarbiyasi, kimlar bilan doʻstlashgani, qiziqishi, nimaga intilishiga befarq boʻlmagan va bu sifatlari rivojlanishiga ijobiy taʼsirini oʻtkaza bilgan ota-onalar qandini ursin! Ular Allohning oldida ham, jamiyat oldida ham oʻz burchlarini ado etyaptilar. Aslida ular oʻzlarining baxtli keksaligiga mustahkam asos yaratmoqdalar.

Nur borki, soya bor, deydilar. Tan olib aytadigan boʻlsak, bolasi maktabni bitirgungacha biror marta bu dargohga qadam ranjida qilmagan otalar qancha? Bitiruvchi bolasining yurish-turishi, qiziqishlariga qiziqmaganlar-chi? “Oʻqib menga dunyoni olib berarmiding”, deya farzandi koʻnglini sindiradiganlar, kam boʻlsa-da, uchraydi.

Endi nima boʻlganda ham eng shafqatli va shafqatsiz vaqt oʻz hukmini oʻtkazdi: bolangiz maktabni bitirdi. Hayot chorrahasida turgan oʻgʻil yoki qizingiz oʻziga munosib yoʻlga qayrilib olishi uchun uning qoʻlidan tuting. Axir bolangizning hayotdagi birinchi muallimi sizsiz, qadrdon ota-onalar! Shu yoshgacha mustaqil hayot yoʻlini qatʼiy belgilab ololmagan yoshginaning chalgʻishiga aslo yoʻl qoʻymang, zero, uning nimalarga qodir ekanini ustozidan koʻra siz yaxshi bilishingiz shart!

Hayot chorrahasida turgan yosh zamondoshim!

Yoshlik – bebaqo, yaʼni oʻtkinchi, vaqt – beayov, uni aslo tizginlab boʻlmas. Bir qoʻshiqda aytilganidek, bugunni ertaga topib boʻlmaydi. Bilim, tarbiya, hunar, kasb-kor masalasida bugundan olgan hissangiz ertangi yuksalishingizga zinadir. Hali yoshman, hammasiga ulguraman desangiz, xato qilasiz. Vaqt tulporingiz olgʻa intilyapti, shoshmasangiz, yetolmay qolasiz. Yetolmay qolish esa boy berish demakdir. Inson atalmish ongli mavjudotni Parvardigori olam yorugʻ olamga vaqtni boy berish uchun emas, bunyodkorlik, dunyoni obod etish, ezguliklar ulashish uchun yaratganini aslo yodingizdan chiqarmang.

Hayot chorrahasida turgan yosh zamondoshim!

Sizni ilm-maʼrifat, yaratish va bunyodkorliklar yoʻli kutmoqda. Fursat atalmish buyuk neʼmat ichra oʻz haqingizni boy berib qoʻymang. Oʻz bilim va salohiyatingiz, intilish va imkoniyatingiz darajasida kelajak sari qadamingizni dadilroq tashlang.

Qani, olgʻa!

Xadichaxon KARIMOVA,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi

Manba: «Yangi O"zbekiston»

Поделиться