O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston – Italiya: iqtisodiy rivojlanish yo‘lida

2023-06-06 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 6-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Italiya Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida Rim shahrida qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Unda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, ikki davlatning yetakchi ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chirielli tadbirni ochar ekan, Italiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini alohida ta’kidladi. Prezident Sh.M.Mirziyoyevning Italiyaga bo‘lajak tashrifi - tarixiy voqea, uning siyosiy va biznes masalalariga boy kun tartibi, ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirishga yo’naltirilganligi esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bugungi munosabatlarning eng yuksak darajasining ifodasi, deya e’tirof etildi.

“O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanib, sheriklik nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga va katta salohiyatga ega davlatdir. Biz O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishida ishtirok etishni istaymiz va ko‘p tomonlama munosabatlarimizni chuqurlashtirishga tayyormiz. Tadbirkorlar yuqori texnologiya, yuqori sifatli mahsulotlar taklif etib, katta qiziqish bildirib, hamkorlik qilishga tayyor. Va bu borada ikki tomonlama hamkorlikning salohiyatini to’liq ro‘yobga chiqarish uchun ko‘mak beramiz”, — dedi Edmondo Chirielli.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov forum ishtirokchilariga qutlov so‘zi bilan murojaat qilar ekan, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning barcha imkoniyatlarini muhokama qilish nuqtai nazaridan bunday miqyosdagi tadbirlarni o‘tkazib turish muhimligini ta’kidladi.

O‘zbekiston, Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo sheriklaridan biri bo‘lgan Italiya bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi.

Savdo va investitsiyalar hamda sanoat kooperatsiyasi sohasida erishilgan bir qator natijalar tilga olindi. Xususan, so‘nggi to‘rt yilning o‘zida O‘zbekistonga jalb etilgan Italiya investitsiyalarning umumiy hajmi 7 barobar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Italiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa ikki barobar oshdi. Asosiy hamkorlar orasida Danieli, Pietro Fiorentini, Terranova, Fin operasi kompaniyalari tegishlilik bo’yicha metallurgiya, elektrotexnika sanoati, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va qishloq xo'jaligi sohasida faoliyat yuritmoqda.

Bularning barchasi ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashganidan, O‘zbekiston-Italiya munosabatlari mazmun va natijadorlik jihatidan yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Biznes-forumda Italiya kompaniyalari rahbarlariga O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizda tadbirkorlik va xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida so’zlab berildi.

Uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning eng istiqbolli yoʻnalishlari sifatida toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, kimyo va avtomobilsozlik, elektronika va boshqa koʻplab sohalar belgilandi.

Tadbirning boy dasturi davomida B2B va G2B formatida uchrashuvlar o‘tkazilib, ishbilarmon doiralar vakillariga aniq investitsiya tashabbuslarini birgalikda hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qilish imkonini yaratildi. Iqtisodiyotning drayver yo’nalishlarining investitsiyaviy salohiyatini aks ettiruvchi real holatlar muhokama qilindi.

Forum yakunlari boʻyicha energetika, qishloq xoʻjaligi, kimyo sanoati, charm-poyabzal, toʻqimachilik va mashinasozlik sanoati, ekologiya, transport va logistika, shuningdek, bank sektorini qamrab olgan investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться