O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Butunjahon taʼlim forumi doirasida taʼlim vazirliklari delegatsiyalari bilan uchrashdi
2023-05-11 | Ta’lim
Londonda boʻlib oʻtayotgan forumda vazir Hilola Umarova xususan, Hindiston Respublikasi Assam shtati federal taʼlim vaziri Doktor Ranoj bilan suhbat davomida Hindiston Respublikasi ingliz tili va informatika yoʻnalishlaridagi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini Oʻzbekistondagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga “ustoz-shogird” modeli asosida amaliyotga va taʼlim jarayoniga jalb etish masalasi muhokama qilindi.

Assam shtati federal taʼlim vaziri Doktor Ranoj ushbu masalada Britaniya Kengashining Hindiston vakolatxonasi bilan hamkorlikda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga amaliy yordam berishga roziligini bildirdi.
Shuningdek, Liviya mamlakati oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot vaziri Doktor Omran Muhammad al Giyib tomonidan Oʻzbekiston umumiy oʻrta taʼlim tizimida arab tilini xorijiy til sifatida oʻqitish yoʻnalishida hamkorlik, jumladan, Liviya tomonidan arab tilida dars beruvchi oʻqituvchilar uchun Liviya oliy taʼlim muassasalarida magistr va ilmiy tadqiqot (PhD) taʼlimi uchun taʼlim grantlari ajratilishi taklifi berildi.
Britaniya Kengashi Maktablar, kasbiy taʼlim va noanʼanaviy taʼlim boʻyicha Global direktori Mark Gerbert bilan muzokara chogʻida vazir Hilola Umarova Oʻzbekistonda maktabgacha va maktab taʼlimidagi islohotlarning toʻrt asosiy yoʻnalishida Britaniya Kengashi bilan hamkorlik olib borilishini maʼlum qildi.
ETS xalqaro taʼlimda baholash tashkilotining Bosh direktori Amit Sevak bilan oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini baholovchi Praxis imtihonlarini Oʻzbekiston taʼlim tizimiga adaptatsiya qilish, oʻqituvchi va maktab rahbarlari uchun malaka oshirish kurslari va ularning kasbiy baholash testlarni joriy qilish, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul jarayonlarida talabgor oʻquvchilarning ingliz tilini bilish darajasini baholovchi TOEFL Junior testlaridan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.
ODILO onlayn taʼlim texnologiyalari tashkilotining global tijoriy vitse-prezidenti Skot Smit bilan oʻtgan uchrashuvda onlayn-taʼlim platformasi imkoniyatlaridan foydalangan holda maktabdan tashqari taʼlim yoʻnalishida oʻquvchilarning bilimini mustahkamlashning moslashtirilgan raqamli taʼlim tizimini joriy qilish, alohida taʼlim ehtiyojlariga ega oʻquvchilarni oʻqitishga moslashtirilgan kontentdan foydalanish istiqbollari boʻyicha fikr bildirildi.
Muzokaralar soʻngida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan taʼlim vazirliklari delegatsiyalari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini loyihasi ishlab chiqilib, diplomatik kanallar orqali imzolashga kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi