O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarning saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish bu mamlakatda mustahkam tinchlik o‘rnatishda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin
2023-04-13 | Siyosat
Bugun Samarqandda Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarning to‘rtinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuvda Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari ishtirok etishadi.
7-mart kuni Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar maxsus vakillarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning BMT shafeʼligida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlarning majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusi ijobiy baholandi.
Forumda Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, mamlakatdagi yangi hokimiyatlar jahon hamjamiyatining asosiy talablarini – inklyuziv hukumat tuzish, afg‘on ayollarining mehnat va taʼlim olishini taʼminlash, milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilish bo‘yicha tomonlarning saʼy-harakatlari muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.
Bo‘lajak forumning strategik ahamiyati va dolzarbligi shundan iboratki, Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi bo‘lgan barcha davlatlar Samarqanddagi bitta maydonchada to‘planishadi. Ushbu format afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish, shuningdek, ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatish va uning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni batafsil muhokama qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni faqat tinch, siyosiy- diplomatik yo‘llar bilan hal etishni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, uning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, qo‘shni mamlakatning tinch, bo‘linmas, mustaqil, iqtisodiy rivojlanayotgan davlat sifatida shakllanishini qo‘llab-quvvatlash zarurligi tamoyiliga qatʼiy amal qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston barqarorlashuviga nisbatan qatʼiy yondoshuvi – “beqarorlik va vayronagarchilikdan - tinchlik va yaratuvchanlik sari” tamoyili Afg‘oniston yo‘nalishidagi qo‘shma mintaqaviy hamkorlikning mantig‘ini belgilaydi.
2016-yili O‘zbekiston Afg‘oniston masalasini hal qilish borasidagi saʼy-harakatlarini sezilarli darajada faollashtirdi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yilda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida o‘tkazilgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya muhim voqea bo‘ldi. Konferensiya yakunida qabul qilingan Toshkent Deklaratsiyasi birinchi marta Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy jihatdan hal etish zarurligi haqidagi umumiy konsensusni mustahkamladi, bu esa tinchlik jarayonini qayta boshlash va qurolli mojaroni to‘xtatishga sezilarli turtki berdi.
2021-yil 15-16-iyul kunlari O‘zbekistonda tashkil etilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasi Afg‘onistonda tinchlikka erishilishiga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro saʼy-harakatlarga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi. Ushbu xalqaro tadbir Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlikning mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish uchun birinchi darajali rolini yana bir bor taʼkidladi.
2022-yil 25 – 26-iyul kunlari Toshkentda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” xalqaro konferensiyasi ham bo‘lib o‘tdi. U Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, Amerika, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 20 dan ortiq davlatlaridan Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarni, Afg‘oniston muammosi hal etilishiga bevosita jalb etilgan o‘nlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan, BMT, Yevropa Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkilotining rahbar va mutaxassislarini, shuningdek, Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasini o‘z atrofiga to‘pladi.
Shuningdek, mahalliy ekspertlar, Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, shuningdek, Rossiya, AQSH, Eron, Pokiston, Hindiston va Belgiyadan yetakchi tahlil markazlarining rahbarlari va mutaxassislari ishtirokchi sifatida taklif etildi.
Ushbu konferensiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, Afg‘onistonni terrorizm va urushlardan xoli bo‘lgan tinch va farovon mamlakatga aylantirish borasidagi tizimli saʼy-harakatlarining ajralmas qismiga aylandi.
O‘zbekiston afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatmoqda. Xususan, 2021-yil sentyabridan to hozirgi kunga qadar Afg‘onistonga 10 ming tonnadan ortiq gumanitar yuk jo‘natildi. Bundan tashqari, mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan yuborilgan gumanitar yordamni ushbu mamlakatga yetkazib berishga ko‘maklashuvchi muhim vositachilik missiyasini ham bajarmoqda.
2021-yili Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Termiz shahrida BMT shafeʼligida Afg‘onistonga yordam qabul qilish va uni yetkazib berish bo‘yicha xalqaro logistika markazi ish boshladi. Bu Afg‘oniston bilan chegara yaqinida joylashgan yagona terminal. Uning maydoni 40,7 gektarni tashkil etadi. Birgina 2022-yilning birinchi yarmida Termizda o‘z vakolatxonalarini ochgan Butunjahon oziq-ovqat dasturi, YUNISEF va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari idorasi tomonidan Afg‘onistonga 35 ming tonnadan ortiq gumanitar yordam jo‘natildi.
O‘zbekiston Afg‘oniston uchun mamlakat iqtisodiyotini tiklash uchun zarur bo‘lgan milliy kadrlarni tayyorlashga ham ko‘maklashmoqda. Xususan, 2018-yilda Termiz shahrida afg‘on fuqarolari uchun o‘quv markazi ishga tushirildi va bugungi kunda ham u o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bu afg‘onlarni 17 ta oliy va 16 ta o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitadigan dunyodagi yagona muassasadir. Hozirgi paytda markazda 129 nafar afg‘onistonliklar o‘qitilmoqda, ular o‘qishni allaqachon bitirgan vatandoshlari bilan birga o‘z mamlakatini qayta tiklashga o‘z hissalarini qo‘shishlariga shubha yo‘q.
O‘zbekiston Afg‘onistonda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, Surxon-Puli-Xumri elektr uzatish liniyasining qurilishi Afg‘onistonga yiliga 6 milliard kvt/soat elektr energiyasi yetkazib berish imkonini beradiki, bu mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining uchdan bir qismini qoplaydi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi tufayli Afg‘onistondagi 500 ming oila, ijtimoiy infratuzilma va iqtisodiyot tarmoqlari elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘z navbatida, “Termiz -Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishi loyihasining amalga oshirilishi Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘lining mantiqiy davomi bo‘lib qoladi va Pokiston hamda Hindiston temir yo‘llariga, shuningdek, Arab dengizi bandargohlariga (Gvadar, Karachi/Kasim, Mumbay va boshqalar) chiqish imkoniyatiga ega yangi va eng qisqa tranzit yo‘laklarini shakllantirish imkonini beradi, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonni bog‘laydi.
785 kilometr elektr taʼminoti liniyalari, 790 kilometr aloqa liniyalari, 1000 dan ortiq yangi sunʼiy inshootlar (ko‘priklar, tunnellar, stansiyalar) qurishni nazarda tutadigan ushbu mintaqalararo temir yo‘l loyihasining amalga oshirilishi Afg‘onistonda temir yo‘l bo‘ylab transport va tegishli infratuzilmani rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Natijada yarim milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi va yangi kasblar, shu jumladan, temir yo‘l transportining ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq kasblar shakllanishi, mintaqaning 15 million nafargacha aholisi loyihaning naf ko‘ruvchilariga aylanishi kutilmoqda.
Mazkur yirik loyihalarning amalga oshirilishi Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga turtki bo‘lishi, aholi uchun muqobil daromad manbalarini yaratishi va natijada mojaroning ijtimoiy zaminini bartaraf etishi mumkin.
Eng muhimi, Afg‘onistonning infratuzilma va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik loyihalari orqali mintaqa davlatlarini birlashtiradigan makonga aylanishi Afg‘onistonni o‘rab turgan davlatlarning ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlashga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, Afg‘onistonni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida yo‘qolgan tarixiy roliga qaytaradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarining 2022-yil 21-iyuldagi IV sammiti chog‘ida shunday degan edi: Afg‘onistondada uzoq muddatli tinchlikni taʼminlash,uning ijtimoiy va iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish uchun yaqin hamkorlikni davom ettirish bizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qolishi kerak. Biz eng yaqin qo‘shnimiz, bu mamlakatdagi barqarorlikdan hammadan ko‘ra ko‘proq manfaatdor bo‘lishimiz kerak. Xalqaro hamjamiyat bu muammoni qanday qabul qilishi ko‘p jihatdan bizga bog‘liq»
Muvofiqlashtirilgan yondoshuv Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatish va bu mamlakatni tinch taraqqiyot yo‘liga qaytarishda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin. Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari demokratik huquqiy davlatlar pozitsiyalarida turibdi, dunyoviy respublikalar tamoyillari asosida rivojlanmoqda, insonning huquq va erkinliklarini mustahkamlash tarafdoridirlar.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi