O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda “Inson va salomatlik” X xalqaro kongressi ish boshladi
2023-04-07 | Jamiyat
Poytaxtimizda Cogʻliqni saqlash vazirligi hamda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan “Inson va salomatlik” X xalqaro kongressi ish boshladi. Unda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova ishtirok etdi.

Rossiya, Polsha, Belarus, Ukraina kabi mamlakatlarning nufuzli mutaxassislari toʻgʻridan toʻgʻri va onlayn ishtirok etgan mazkur anjuman tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy uslublarini kundalik tibbiy amaliyotga tatbiq etish, shuningdek terapiya sohasidagi vrachlarning oʻzaro bilim almashishlariga imkon yaratishni koʻzda tutadi.
Unda oʻzbekistonlik va xorijlik maʼruzachilar kardiologiya, antibiotikoterapiya, gastroenterologiya, nevrologiya, akusherlik-ginekologiya, pediatriya va endokrinologiya sohalari, ayniqsa murakkab kasalliklarni kompleks davolashda dori vositalarini qoʻllash boʻyicha oʻz bilim va tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda ham sifat jihatidan yuksak talablarga javob beradigan tibbiyot muassasalarining mukammal tarmogʻi yaratilgani yurtimizda salomatlik koʻrsatkichlari barqarorligini taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.
Kongress doirasida yangi dori vositalari, axborot texnologiyalari va tibbiyot asbob-uskunalari, tibbiyotga oid buyumlar va maxsus nashrlar koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi.
Unda minglab ishtirokchilar mamlakatimiz va xorijiy farmatsevtika kompaniyalarining yangi ishlanmalari bilan tanishish, innovatsion dori vositalari, ularning samaradorligi va oʻziga xos xususiyatlari haqida bevosita ishlab chiqaruvchilardan maʼlumot olish imkoniga ega boʻladi.
Kongress zamonaviy tibbiyot yutuqlarining Oʻzbekistonda rivojlanishi va ommalashuviga, uzluksiz professional tibbiy taʼlimni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga zamin boʻladi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg`liqni sаqlаsh vаzirligi