O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2022-yildagi iqtisodiy ko'rsatkichlar tahlili
2023-03-30 | Iqtisodiyot
2022-yilda dunyoda sodir bo'lgan murakkab iqtisodiy va moliyaviy vaziyatning saqlanib qolayotganligi, jahon bozorlarida asosiy mahsulotlar narxlarining beqarorligiga qaramay mamlakatimizda yuqori iqtisodiy o'sish sur'atlariga erishildi.
2022-yil yakunlariga ko'ra yalpi ichki mahsulot – 5,7 foiz, sanoat mahsulotlari – 5,2 foiz, qurilish ishlari – 6,6 foiz, qishloq xo'jaligi mahsulotlari – 3,6 foizga, bozor xizmatlari – 15,9 foiz, eksport – 23,6 foiz, chakana savdo aylanmasi – 12,3 foiz o'sish sur'atlari ta'minlandi.
Aholi jon boshiga YaIM hajmi 2 255 AQSh dollarni tashkil etdi.
Sovuq oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash va ularni faoliyatini jadal qayta tiklash maqsadida Prezidentimiz tomonlaridan “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta'sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi maxsus qaror qabul qilindi (PQ-43-son). Natijada fevral-mart oylarida tarmoqlar faoliyatining qayta tiklanishi ta'minlandi.
Xususan yanvar-fevral oylarida sanoat – 3,9 foizga va qurilish ishlari – 8,2 foizga pasaygan bo'lsa, xizmatlar sohasi va chakana savdoda o'sish sur'atlari tezlashgan.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2023-yil I chorakda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti (o'tgan yilning mos davriga nisbatan) – 3,5 foiz, sanoat mahsulotlari – 2 foiz, qurilish ishlari – o'tgan yil darajasida, qishloq xo'jaligi mahsulotlari – 2,5 foiz, bozor xizmatlari – 10 foiz atrofida o'sishi kutilmoqda.
2022-yilda Davlat budjeti daromadlari 202 trln so'mni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 37,2 trln so'mga yoki 22,6 foizga oshdi.
Jumladan, Soliq qo'mitasi ma'murchiligidagi tushumlar 148 trln so'mni Bojxona qo'mitasi bo'yicha tushumlar 46,0 trln so'mni hamda boshqa daromadlar va soliq bo'lmagan tushumlar 7,6 trln so'mni (qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha qaytarish (qoplab berish) (19,3 trln so'm) va fuqarolarga xarid summasidan 1% (“kesh-bek”) qaytarishni (0,8 trln so'm) hisobga olgan holda ) tashkil qildi.
Daromadlarning asosiy qismini bilvosita soliqlar 72 trln so'mni yoki Davlat byudjeti umumiy daromadlarining 35 foizini tashkil qildi. 2021-yilga nisbatan 15,1 trln so'mga yoki 27 foizga oshdi.
2022-yilda QQS jami tushumlari 52,2 trln so'mni tashkil etdi, 2021-yilga nisbatan 13,8 trln so'mga yoki 36 foizga oshdi.
QQS bo'yicha davlat budjetiga jami 71,5 trln so'm undirildi (2021-yilga nisbatan 35 foizga ko'proq), shundan soliq organlari tomonidan 32,8 trln so'm (28,3 foizga ko'proq), bojxona organlari tomonidan 38,7 trln so'm (41,8 foizga ko'proq) undirildi.
QQS bo'yicha tushumlarning o'sishi iqtisodiy faollikning oshishi, soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirilishi bilan bir qatorda, soliq to'lovchilar sonining 174 mingtaga etib, 30 mingtaga yoki 20 foizga oshganligi bilan izohlanadi.
QQSdan manfiy farqni qoplash uchun 6 509 ta tadbirkorlik subyektlariga 19,3 trln so'm miqdorida mablag'lar qaytarildi (QQS tushumlariga nisbatan 27 foiz). 2021-yilda jami 14,4 trln so'm mablag'lar soliq to'lovchilarga qaytarilgan.
Bojxona boji bo'yicha tushumlar 2022-yilda 5,7 trln so'mni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 981 mlrd so'mga yoki 21 foizga oshdi.
Tushumlarning oshishiga import tovarlarini rasmiylashtirish vaqtini kamayishi muhim omillardan biri bo'ldi.
Bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirishga sarflangan o'rtacha vaqt 2021-yilda 3 soat 7 daqiqani tashkil etgan bo'lsa, 2022-yilda ushbu ko'rsatkich 33 daqiqaga qisqartirilib, 2 soat 34 daqiqani tashkil qildi.
Bevosita soliqlardan 2022-yilda 64 trln so'mni, shu jumladan: foyda solig'i – 37,5 trln so'mni, aylanmadan olinadigan soliq – 2,5 trln so'mni, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i – 23,9 trln so'mni tashkil qildi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga amortizatsiya ajratmalari normalari va bir martalik investitsiyaviy chegirma miqdorini o'rtacha 2 barobarga oshirilishi hamda maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga foyda solig'ini to'lashdan o'zi kiritgan investitsiyalar hajmiga qarab ozod etilishi hisobiga ularning ixtiyorida 1,6 trln so'm qoldirildi.
Resurs soliqlari va mol-mulk solig'i bo'yicha tushumlar 24,2 trln so'mni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 1,2 trln so'mga oshdi.
Havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlarini qo'llab-quvvatlash va faoliyatini jadal qayta tiklashga qaratilgan choralarni qo'llanilishi, soliq tushumlariga ham o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatdi. Xususan:
a) soliq to'lovchilarga 2023-yil 1-yanvarga nisbatan 1-fevral holatiga oshgan (hosil bo'lgan) 365 mlrd so'mdan ortiq soliq qarzini 2023-yil 1 -martdan 1-iyulga qadar foizlarsiz, qo'shimcha shartlar qo'ymasdan va ta'minot talab etmasdan teng ulushlarda bo'lib-bo'lib to'lashga ruxsat berildi.
b) 2023-yil 1-aprelga qadar soliq qarziga penya hisoblash, tashqi savdo operatsiyalari bo'yicha muddati o'tgan debitor qarzdorlik uchun xo'jalik yurituvchi subyektlarga qo'llanilgan 1,7 trln so'm miqdoridagi jarimalarni undirish to'xtatildi.
2023-yilgi soliq siyosatidagi asosiy o'zgarishlardan biri sifatida qo'shilgan qiymat solig'i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirilishi bo'ldi.
Soliq stavkasini pasaytirilishiga qaramasdan QQS bo'yicha yig'ilgan tushum (soliq va bojxona tushumlari) 2023-yil 1-choragida 18 trln so'm, 2022-yilga nisbatan 2,2 trln so'mga yoki 14 foizga ortiq yig'ilishi kutilmoqda.
Soliq va bojxona organlarida yirik soliq to'lovchilar tomonidan to'lanadigan qo'shilgan qiymat solig'i va mavjud ortiqcha to'lovlari summalarini o'zaro hisobga olinishi to'liq yo'lga qo'yildi.
Soliq va bojxona organlari tomonidan 230 mlrd so'mlik tovarlarni import qilishda to'lanadigan qo'shilgan qiymat solig'i summalari o'zaro hisobga olindi va bu tadbirkorlarga QQS qaytarishda vaqtlarini tejalishini va aylanma mablag'larini saqlab qolish imkonini berdi.
2022-yil Davlat budjetining xarajatlari 236,5 trln so'mga ijro etildi. Amalga oshirilgan xarajatlar o'tgan yilga nisbatan (188,3 trln so'm) 26 foizga oshdi.
Bunda ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 117,7 trln so'm yoki umumiy xarajatlarning 50 foizi miqdorida mablag' sarflandi.
Amalga oshirilgan xarajatlarning qariyb 40 foizi (91,4 trln so'm) byudjet tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlarini moliyalashtirish uchun sarflandi.
2022-yilda ijtimoiy to'lovlar to'lash bilan bog'liq xarajatlarga Davlat budjetidan 19,4 trln so'mni yoki o'tgan yilga nisbatan 78 foiz ko'proq mablag' ajratildi. Ushbu mablag'larning 11,4 trln so'mi 2,1 mln oilaga yoki Respublikamizda istiqomat qiluvchi jami oilalarning qariyb 24 foiziga nafaqa, moddiy yordam va kompensatsiya to'lovlari to'lash uchun moliyalashtirildi.
Bundan tashqari, 2022-yilda budjetdan tashqari Pensiya jamg'armasiga davlat budjetidan 11,1 trln so'm transfertlar hamda tabiiy gazni xarid qilish va realizatsiya qilish baholari o'rtasidagi tafovut oqibatida yuzaga keladigan zararlarning o'rnini qoplash bilan bog'liq xarajatlarga 5,2 trln so'm subsidiya mablag'lari ajratildi.
Shu bilan birga 2022-yil davomida:
· Davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan maktabgacha ta'lim muassasalariga subsidiyalar ajratish uchun - 2,4 trln so'm;
· Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlari uchun - 1,7 trln so'm;
· sog'liqni saqlash sohasini rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish uchun - 1,2 trln so'm;
2022-yil Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasni rivojlantirish dasturi hamda Hukumatning tegishli topshiriqlariga asosan respublika budjeti mablag'lari hisobidan jami 22,1 trln so'm mablag' ajratilgan.
Dastur doirasida jami 2 803 ta ob'ektda qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilib, hisobot davrida jami 2 164 ta obyekt foydalanishga topshirildi.
2022-yilda ipoteka dasturi bo'yicha jami 855 mlrd so'm subsidiyalar to'lab berildi. Shundan 17 293 nafar fuqaroga boshlang'ich badalni bir qismini qoplash uchun 515 mlrd so'm va 28 090 nafar fuqarolarga 2020-2022-yillarda olingan ipoteka kreditlari foiz to'lovlarini bir qismni qoplash uchun 340 mlrd so'm.
Fuqarolarga ipoteka kreditlari ajratish uchun tijorat banklariga 7,0 trln so'm resurs mablag'lari ajratildi.
Joriy yilning 1 choragi davomida tijorat banklariga ipoteka kreditlari ajratish uchun 1,6 trln so'm resurslar ajratildi.
Shuningdek, 1 769 nafar fuqarolarga 57 mlrd so'm ipoteka kreditlari bo'yicha boshlang'ich badalni bir qismini qoplash uchun hamda 28 653 nafar fuqarolarga oldingi yillarda olingan ipoteka kreditlari bo'yicha foiz to'lovlarini bir qismini qoplash uchun 67 mlrd so'm subsidiyalar to'lab berildi.
2022-yil yakuni bilan Konsolidatsiyalashgan budjet YaIMga nisbatan 3,9 foiz miqdorida yoki qariyb 35 trln so'm taqchillik bilan ijro etildi.
Joriy yilda Tashabbusli budjet jarayonining 1-mavsumi doirasida 1,5 trln so'm byudjet mablag'lari ajratilgan bo'lib, ayni paytda jarayonning 3-bosqichi ya'ni, loyihalarga “ovoz berish” davom etmoqda. Mazkur bosqichda Tashabbusli byudjet dasturiga respublika bo'yicha 9 452 ta mahallalardan jami 33 680 ta loyiha ovozga qo'yilgan.
2023-yilning 1-yanvar holatiga O'zbekiston Respublikasining davlat qarzi 29,2 mlrd AQSh dollari yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,4 foizni tashkil etdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi