O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston mahalla tizimi xodimlari va faollariga

2023-03-22 | Siyosat

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muhim sana – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning hurmat-ehtiromimni bildiraman.

Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan mahallalarimiz go‘zal va betakror Vatanimizda tinchlik va ahillik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangani bilan albatta barchamiz faxrlanamiz.

O‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar avvalo bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga manzilli yordam ko‘rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan uyg‘un holda olib borilayotgani diqqatga sazovordir.

Ayniqsa, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara bermoqda. Buning tasdig‘ini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida ko‘rish mumkin.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida mahalla faollari ko‘magida yuz minglab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangani, 9 ming 400 dan ortiq mahallaning qariyb 3 mingtasi yoki 31 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani shundan dalolat beradi.

Mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlarimiz mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, 2022 yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda boshqa dasturlar doirasida budjetdan ajratilgan qariyb 27 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 4 mingta mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilgani, yuzlab maktab, bog‘cha, tibbiyot maskanlari barpo etilgani va yangilangani, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va issiqlik ta’minoti, yo‘l va transport tizimlari faoliyati yaxshilanganini ta’kidlash lozim. 2023-yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ushbu maqsadlar uchun yana 5 ming 800 ta mahallaga 30 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Eng muhimi, yurtdoshlarimizning ijtimoiy faolligi, o‘z mahallasi, el-yurtimiz taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bu borada “Tashabbusli budjet” dasturi joriy etilgani muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu dastur doirasida ilgari surilayotgan takliflar asosida aholi hayotiga taalluqli ko‘pgina dolzarb masalalar o‘z vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Aziz yurtdoshlar!

Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi rolini yanada oshirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Shu maqsadda mahalla fuqarolar yig‘iniga o‘zi joylashgan hududdagi xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalariga takliflar kiritish, kengash qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish huquqi berilmoqda. Shuningdek, aholi o‘rtasida e’tirozlarga sabab bo‘layotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish uchun mahalla raisi tomonidan muhokamalar o‘tkazish, har oyda mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, “mahalla nazorati” va “mahalla raisi so‘rovi” institutlari joriy etiladi.

Bu yil tariximizda birinchi marta tajriba tariqasida har bir hududdagi bitta tumanda “mahalla budjeti” tizimi o‘rnatilib, mol-mulk va yer solig‘ining bir qismini mahallalarning o‘zida qoldirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa mahallalarimiz hududidagi mavjud muammolarni bevosita ular tomonidan mustaqil hal etilishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu tajribaning amaliy natijalariga qarab, kelgusida uni butun respublikamizda yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqamiz.

Bir so‘z bilan aytganda, mahallalarni fuqarolik jamiyatining tayanch ustuniga, chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘ramiz.

Muhtaram do‘stlar!

Yurtimizda Navro‘z nafasi kezib yurgan mana shunday shukuhli kunlarda shahar va qishloqlarimiz, ovul va mahallalarimizda umumxalq hasharlari, ulkan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab ko‘chatlar ekilmoqda, yangi bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

Bugungi tinch, erkin va osuda hayotimizni qadrlash, mahallalarda, butun yurtimizda millatlararo do‘stlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yolg‘iz keksalar, ehtiyojmand oilalar, bemor va nogiron insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ezgu va savob ishlar kuchaytirilmoqda.

Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishlarga bosh-qosh bo‘lib kelayotgan jonkuyar mahalla oqsoqollari va faollariga, o‘zining fidokorona mehnati bilan el-yurtimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shayotgan barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Biz mahallalarimizni yanada obod va farovon etishda bundan buyon ham sizlarning kuch-g‘ayratingiz, boy bilim va tajribangiz, bunyodkorlik salohiyatingizga tayanamiz. Chunki, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor bo‘lgan mahalladir.

Siz, azizlarni bugungi bayram bilan, yurtimizda davom etayotgan Navro‘z ayyomi hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayzu baraka, serqirra va mas’uliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться