O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Akbar Toshqulov Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Timoti Torlot bilan uchrashdi
2023-02-21 | Jamiyat
Joriy yilning 20-fevral kuni Adliya vazirligida adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Torlot oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv boshida adliya vaziri A.Toshqulov Oʻzbekiston Respublikasi hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi oʻrtasida adliya va huquq sohasidagi hamkorlik yil sayin rivojlanib borayotganligini taʼkidlab, hamkorlikda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar, xususan fuqarolarning huquqiy savodxonlik darajasini oshirish va aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti hamda “advice.uz” portalining, shuningdek, Birlashgan qirollikning Hukumatlararo hamkorlik xizmatining (Government Partnerships International) adliya tizimi xodimlarining malakasini oshirishdagi ijobiy oʻrni haqida munosabat bildirildi.
Elchi Timoti Torlot, oʻz oʻrnida, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligini muhim hamkor deya taʼkidlab, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga Birlashgan Qirollik oʻz hissasini qoʻshayotganligidan mamnun ekanligini qayd etdi.
Uchrashuv davomida Tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Jumladan, intellektual mulk sohasida, tartibga solish taʼsirini baholash tizimida oʻzaro tajriba almashish hamda Adliya vazirligi huzuridagi Toshkent davlat yuridik universiteti va Birlashgan Qirollikning oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi