O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat boji bilan bog‘liq masalalar va iste’mol krediti berish tizimida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
2023-02-17 | Jamiyat
Bugun, 17-fevral kuni Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi hamda “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun bilan fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilganda belgilangan davlat boji stavkaning 50 foizi miqdorida to‘lash, qolgan qismini esa belgilangan tartibda ishni ko‘rish natijasi bilan undirilishi belgilanmoqda.
Mazkur Qonunga kiritilayotgan o‘zgartish fuqarolar manfaatini sudlar orqali himoya qilishni ta’minlashi hamda ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishda davlat idoralari mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, Qo‘mita majlisida “Moliyaviy iste’mol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi Qonun ham muhokama qilindi.
Qonun bilan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi Qonunga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlar (xizmatlar) uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Ishtirokchilar tomonidan qayd etilishicha, Qonunning qabul qilinishi aholi tomonidan ist’emol kreditlarini rasmiylashtirishda yengilliklar yaratilishiga, mamlakatda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga olib keladi.
Muhokamalardan so‘ng ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati