O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlik CDC bilan virusli gepatit infeksiyasini bartaraf etish boʻyicha hamkorlik qiladi
2023-02-17 | Sog‘liqni saqlash
Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy dasturi direktori vazifasini bajaruvchi Jastin Uilyams bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Samimiy ruhda oʻtgan muloqot avvalida davlatlarimiz oʻrtasida tibbiyot yoʻnalishidagi hamkorlik aloqalari yildan yilga mustahkamlanib borayotgani, birgalikdagi loyihalar yurtimizda mazkur sohani rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan, koronavirus hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, vaksinatsiya, sanitariya-epidemiologiya va yana qator yoʻnalishlar boʻyicha tegishli loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.
Masalan, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari bilan birgalikda yurtimizda “Amaliy epidemiologiya boʻyicha oʻquv dasturining bazaviy darajasi” xalqaro malaka oshirish kursi yoʻlga qoʻyilib, uning doirasida bir guruh tinglovchilar oʻqitildi.
Shuning barobarida, COVID-19ga qarshi emlash dasturi doirasida CDC mutaxassislari koʻmagida 800 nafar oilaviy shifokor, epidemiolog va pediatrlar malaka oshirdi.
Joriy yilda oʻzaro hamkorlik asnosida Amaliy epidemiologiya boʻyicha oʻquv dasturi (FETP) orqali tibbiyot xodimlarining epidemiologik tekshiruvlar oʻtkazish, ilmiy maʼlumotlarni tahlil qilish va xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi zarur choralar koʻrish yuzasidan bilim hamda malakalarini oshirish rejalashtirilgan.
Qolaversa, Oʻzbekistonda COVID-19ga qarshi samarali kurash tadbirlari doirasida emlash dasturini kuchaytirish, koronavirus va boshqa yuqumli infeksiyalarning tarqalishini kamaytirish, nafas olish xastaliklarini nazorat qilish tizimini qoʻllab-quvvatlash kabi muhim loyihalar yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.
Uchrashuvda, shuningdek oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, jumladan, mamlakatimizda virusli gepatitning V va S turlarini bartaraf etish boʻyicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish yuzasidan texnik yordam koʻrsatish, COVID-19ning aylanma shtammlarini aniqlash, Mikroblarga qarshi chidamlilik loyihasini ishga tushirish boʻyicha ham aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg`liqni sаqlаsh vаzirligi