O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston oziq-ovqat ishlab chiqarish salohiyati Lahorda taqdim etildi
2023-02-16 | Iqtisodiyot
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi xodimlari joriy yil 13-14 fevral kunlari Lahor shahrida bo‘lib o‘tgan «Food Expo-2023» xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasida ishtirok etdi hamda hudud mutasaddilari va ishbilarmon doira vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi

Ko‘rgazma doirasida ishtirokchilarga O‘zbekiston oziq-ovqat bozori va mahsulotlari to‘g‘risida taqdimot qilindi. Qator kompaniyalar bilan eksport shartnoma tuzish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida mart oyida biznes missiya bilan O‘zbekistonga kelish yuzasidan kelishib olindi.
Lahor savdo-sanoat palatasisida (LCCI) 50 dan ortiq tadbirkorlar - palata aʼzolari bilan biznes davra suhbati o‘tkazildi. Pokiston biznes doiralari vakillariga O‘zbekistonning investitsion salohiyati, xududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, erkin iqtisodiy zonalar, eksportchilarimizning mahsulotlari yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘likliq tashabbusi, imtiyozli va tranzit savdo shartnomalari, sayyohlik sohasida hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Palata raisi Kashif Anvar LCCI aʼzolarini ziyorat turizmi doirasida O‘zbekistonga tashrifini tashkil qilish, biznes forum hamda B2B shaklidagi uchrashuvlar o‘tkazish istagini bildirdi.
O‘zbekiston dilomatlari amaliy safar davomida, shuningdek, Lahor shahrida federal vazirlar, yirik ishbilarmonlar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda O‘zbekiston-Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash, oziq-ovqat, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi.
Maʼlumot uchun: «Food Expo-2023» Pokistonda o‘tkaziladigan eng yirik xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi hisoblanadi. Unda har yili mamlakatning 500 dan ortiq yetakchi brendlari ishtirok etadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi