O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
OAV vakillari uchun “EAST MINING INVEST” MCHJ QKga press-tur tashkil etildi
2023-02-09 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “ARTON” brendi ostida avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “EAST MINING INVEST” MCHJ QKga press-tur tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari, tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Butun dunyoda qurilish jarayonida so‘nggi yillarda energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallaridan foydalanishga alohida eʼtibor berib kelinmoqda. Bu esa bino-inshootning tannarxini arzon bo‘lishi va qurilish ishlarini tez fursatda, sifatli amalga oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Rivojlangan davlatlarda g‘isht o‘rniga energiya tejamkor gazobetondan foydalanish keng ommalashgan bo‘lib, mamlakatimizda ham ushbu qurilish materiallarini ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish, bu yo‘nalishda jahon tajribasini qo‘llashga alohida eʼtibor berib kelinmoqda. Xususan, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan gazobeton ishlab chiqarish bo‘yicha bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Natijada yangi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilyapti.
Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda 14 ta avtoklav usulda gazobeton bloklari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lib ularining yillik quvvati 3,4 mln metr kubni tashkil etadi. 2022-26 yilda avtoklav usulda gazobeton ishlab chiqarish bo‘yicha 1,2 trln so‘mlik 6 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Yangi sanoat korxonalari Sirdaryo, Navoiy, Xorazm, Andijon viloyatlarida foydalanishga topshiriladi.
Ushbu yo‘nalishda eng yirik korxona Toshkent viloyati Ohangaron shahrida joylashgan “EAST MINING INVEST” MCHJ QK hisoblanadi. Bu yerda yiliga 500 ming metr kub gazobeton ishlab chiqariladi. Korxonada Germaniyaning “Wehrhahn GmbH” kompaniyasining so‘nggi rusumdagi, energiya tejamkor uskunalari o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, mahsulot tayyorlash uchun xorijiy va mahalliy yetuk mutaxassislar jalb etilgan.»East Manning Invest" MCHJ QK 2021-yilda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari hamkorligida amalga oshirilgan investitsiya dasturi doirasida Toshkent viloyatida o‘z faoliyatini boshlagan. Loyiha qiymati 22 mln dollar bo‘lib, bu yerda 100 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Eʼtiborlisi, Respublikada avtoklav usulda gazobeton ishlab chiqaruvchi eng yirik korxona ikkinchi bosqichda faoliyatini boshlash arafasida. Korxona ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish maqsadida Germaniyaning “Wehrhahn GmbH” kompaniyasidan so‘nggi rusumdagi, energiya tejamkor avtoklav pechlarini olib keldi. Hozirda uskunalarni o‘rnatish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida kunlik ishlab chiqarish hajmi 1,5 ming metr kubga yetkaziladi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, aholini gazobetonga bo‘lgan talabini qoplash maqsadida “ARTON” kompaniyasi tomonidan Andijon, Xorazm va Navoiy viloyatlarida ham innovatsion korxona barpo etish rejalashtirilgan
Maʼlumot uchun, Gazobeton – g‘ovak (teshik-teshik) betonning bir turi bo‘lib, zamonaviy qurilish materiali. Uni baʼzan “sunʼiy tosh” deb ham atashadi. Oddiy betondan farqi – tarkibida 1-3 millimetrli pufaklar mavjud bo‘lib, ular tufayli beton yengil, yetarli darajada mustahkam, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega bo‘ladi. Shuningdek, tabiiy gazni 8-marta kam sarflashi, energiya tejamkorligi va eng asosiysi, unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq g‘ishtdan bir necha marotaba afzalligi bilan ajralib turadi.1 metr kub metr g‘isht 1800-2000 kg og‘irlikka ega bo‘lsa, shu hajmdagi gazobetonning og‘irligi atigi 500-700 kg ni tashkil etadi.