O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimligida Fransiyaning EDF departamenti mutasaddilari bilan uchrashuv o`tkazildi
2023-02-06 | Iqtisodiyot
3-fevral kuni Toshkent shahar hokimining birinchi o`rinbosari Hotambek Shakirov, hokim o`rinbosari Sharof Rahmanov EDF departamentining Markaziy Osiyo bo`yicha direktori Emmanuel Chevennement, EDF`ning biznes bo`yicha katta menejeri Аnna Sharayeva va O`zbekistondagi bosh direktori Pyer Pol Аntenisens ishtirokida uchrashuv o`tkazildi.

Uchrashuvda muqobil energiya manbalaridan foydalanish, xususan, poytaxtdagi qator obʼektlarga quyosh panellarini o`rnatishga qaratilgan loyiha doirasidagi ishlar ko`rib chiqildi.
Qayd etilishicha, loyiha, nafaqat shahrimiz balki mamlakatimiz uchun istiqbolli hisoblanadi va uning amalga oshirilishi natijasida elektr energiyasi sarfi sezilarli darajada kamayadi. Obʼektlarga o`rnatilgan quyosh panellari ularning o`z isteʼmolidan tashqari qo`shimcha binolar va aholiga yo`naltirilishi mumkin.
Fransiya tomonining maʼlum qilishicha, bugungi kunda loyihaning texnik, iqtisodiy va huquqiy hujjatlari takomiliga yetkazilmoqda. Shu bilan birga, ushbu uzoq muddatli, keng ko`lamli loyihani birgalikda amalga oshirish uchun hamkorlik qilishi mumkin bo`lgan kompaniyalar ko`rib chiqilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirishdi.
Manba: Toshkent shahar hokimligi