O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2022-yilda Xorazm viloyatining Yevropa davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 168 mln. dollarga yetdi
2023-02-03 | Ta’lim
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim rahbarligidagi delegatsiya Xorazm viloyatining bir qator ishlab chiqarish korxonalari va taʼlim maskanlarida boʻlib, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Xususan, delegatsiya aʼzolari Urganch davlat universitetida boʻlib, YEIning notijorat loyihasi - Erasmus doirasida xodimlar va talabalar almashinuv ishlari qanday yoʻlga qoʻyilgani bilan qiziqdilar. Yevropa taʼlim tizimi bilan integratsiya jarayonlarini kuchaytirish borasida qator takliflar ilgari surildi. Shundan soʻng mehmonlar Qoʻshkoʻpir tumanida YUNESKOning “Oʻzbekistonning qishloq joylarida bandlik koʻnikmalarini shakllantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdilar.
Viloyat rahbariyati bilan muloqot jarayonida Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar va taʼlim sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Qishloq xoʻjaligi, yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish yoʻnalishlariga YEI sarmoyasini jalb etish boʻyicha takliflar bildirildi.
Maʼlumot uchun. Oʻtgan yili Xorazm viloyatining Yevropa davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 168 mln. dollarni tashkil qilib, 2021-yilga nisbatan 32,5 foizga oʻsgan. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Urganch shahrida ochilgan vakolatxonasi orqali qishloq joylarda yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan tadbirkorlik loyihalari moliyalashtirilmoqda.
Manba: «Xalq So'zi»