O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parlamentning yuqori palatasida Jahon banki vakili bilan hamkorlik istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2023-02-01 | Jamiyat
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov kecha Jahon banki vakili Daniela Felkman bilan uchrashdi

Uchrashuvda Jahon banki bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan islohotlar, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida ularda korrupsion omillarga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 90 ga yaqin, shundan bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ziyod meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi, shuningdek, «Korrupsiyasiz soha» loyihalari, «Yo‘l xaritalari» va Dasturlar doirasida bir qator ijobiy muvaffaqiyatlarga erishilayotgani taʼkidlandi.
«Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinib, unda ishga kirishga nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini huquqiy tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholash mezonlari, ularning malakasini oshirishga oid qator meʼyorlar belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2022 yilda qabul qilingan «Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida» korrupsiyadan holi mamlakat barpo etish belgilanganligi davlat idoralari, xususan, parlament oldiga bu boradagi ishlarni amalga oshirishda ulkan masʼuliyat yuklaydi.
Shuningdek, bugungi kunda «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonun parlamentda muhokama qilinayotgan bo‘lsa, «Davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganligi ham qayd etildi.
Uchrashuvda Jahon banki vakillari tomonidan «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha institutsional salohiyatini kuchaytirish» mavzusidagi Bank loyihasining maqsadi va kutilayotgan natijalar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi va ularni amalga oshirishda parlamentning roli to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida Jahon banki bilan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati