O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashdi
2023-01-24 | Ta’lim
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan muzokara oʻtkazdi.
Vazir bosh kotibni mamlakatda oliy taʼlim, fan sohalarida olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirdi. Tomonlar Oʻzbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti oʻrtasida turli sohalardagi munosabatlarning rivojlanishidagi ijobiy jihatlarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Uchrashuvda tashkilotning 2022-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan Samarqand sammiti yakunlari boʻyicha qabul qilingan oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar yoʻnalishlarida strategik qarorlarni amalga oshirilish jarayoni muhokama etildi.
Jumladan, turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini oʻtkazish, shuningdek, talaba-yoshlar uchun turkiy davlatlar oʻrtasida stipendiya dasturlarini koʻpaytirish boʻyicha fikr almashildi. Turkiy davlatlar oʻrtasida umumiy madaniyat, til va tarixni saqlab qolish borasida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib olindi.
Muloqot davomida I. Abdurahmonov hamda K. Omuraliyev Turkiy universitetlar ittifoqi yigʻilishining tashkiliy jihatlari ham koʻrilib, vazir Yoshlar akademiyasiga TDT aʼzo davlatlarning iqtidorli yoshlarini qabul qilish masalasini koʻtardi va bu tashabbus TDT bosh kotibi tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.
Shuningdek, 2023-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan InnoWeek.uz Innovatsion gʻoyalar haftaligida ishtirok etish uchun TDT aʼzo davlatlar olimlari, innovatorlar hamda startap korxonalar vakillarini jalb qilish masalasi ham koʻrildi.
Uchrashuv soʻngida, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining TDT aʼzo mamlakatlar bilan hamkorlikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar koʻlamini yuqori baholab, muhokama etilgan yoʻnalishlarda vazirlik bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi